Olti yil avval Dubaydan O‘zbekistondagi tanishlariga ovozli xabar yuborgan fuqaro 5 yilga qamaldi
O‘zbekistonda 6 yil muqaddam ikki tanishiga diniy mazmundagi ovozli xabar yuborgan fuqaro besh yilu bir oy muddatga qamaldi. Advokatlar sud hukmini qonun talablariga zid, adolatsiz va noshaffof deb hisoblashyapti.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi 6 yil muqaddam Birlashgan Arab Amirliklaridan turib ikki tanishiga diniy mazmundagi ovozli xabar jo‘natgan San’atjon Iliusinov Parxatovichni besh yilu bir oy muddatga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi. San’atjon Iliusinov O‘zJKning 244 prim 1-moddasi 3-qismi “g” bandi, 156-moddasi 2-qismi, 59-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.
Advokatlar sud hukmini qonun talablariga zid, asossiz, adolatsiz, noshaffof deb hisoblashmoqda. Jumladan, San’atjon Iliusinovning xarakatlarida Jinoyat kodeksining 156-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) tarkibi mavjud emas.
Ma’lumot uchun, 1992 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, rassomchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi San’atjon Iliusinov 2018-2019 yillarda ishi yuzasidan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga borgan. O‘sha vaqtlarda, ya’ni 2019 yil iyul oyida “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘zining ikki nafar tanishiga mamlakatdagi qonunlar shariatga to‘g‘ri kelmasligi, qonun chiqaruvchi Senatda musulmon bo‘lmaganlar ham borligi to‘g‘risida ovozli xabar yuborgan.
Advokatlarning qayd etishicha, sud Iliusinovga jazo tayinlashda uning muqaddam sudlanmaganligi, oilada yolg‘iz boquvchi ekanligi, qaramog‘ida kasalmand va boquvchisiz onasi, turmush o‘rtog‘i hamda uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi, katta qizchasi kasalmandligi, uning bunday xabar mumkin emasligini bilmaganligi, ovozli xabar bundan olti yil avval yuborilganligi, uni biror bir diniy oqimga yoki yo‘nalishga moyilligi yo‘qligini inobatga olishi kerak edi.
Bundan tashqari, Iliusinovning 6 oydan beri ehtiyot chorasi sifatida 1-son Tergov hibsxonasida (Toshturma) saqlanayotganligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, bu haqda o‘zi, onasi va turmush o‘rtog‘i tomonidan bir necha marta sudga hamda prezident nomiga arizalar yozgani, mahalladan ijobiy tavsiflanganligi va boshqa holatlar inobatga olinmagan.