Olmaliqda tom qulashi oqibatida jabrlangan hindistonliklarning ahvoli haqida ma’lumot berildi

Olmaliqda tom qulashi oqibatida jabrlangan hindistonliklarning ahvoli haqida ma’lumot berildi

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Enter Engineering kompaniyasining metall tayyorlash sexida sodir bo‘lgan falokatda jabrlanganlar yuzasidan ma’lumot berdi.

20 fevral kuni Enter Engineering kompaniyasining metall tayyorlash sexidagi vaqtinchalik qurilmaning tom qismi qulashi oqibatida yuz bergan baxtsiz hodisa tufayli jami 30 nafar hindistonlik ishchi-xodimlar jabrlangan edi. Ularning 3 nafari voqea joyida vafot etgan bo‘lib, 27 nafariga zudlik bilan tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, to‘rt nafar jabrlanganlarga Ohangaron tumani shoshilinch tibbiy markazida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatildi va ahvollari yaxshi bo‘lgani uchun shifoxonadan javob berilgan. Jabrlanganlarning 23 nafariga esa Olmaliq shahar shoshilinch tibbiyot markazida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan.

Ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari yordamida bemorlarning 6 nafarida jarrohlik operasiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Hozirda ular Respublika ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida muolajalarni davom ettirmoqda, ahvollari qoniqarli.

Shuningdek, qolgan 17 nafar jabrlanuvchiga Olmaliq shahar shoshilinch tibbiy markazda tibbiy yordam ko‘rsatilyapti, ahvollari o‘rta va yengil holatda. Jabrlanganlarning barchasiga alohida shifokor biriktirilgan, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

“Hindistonlik jabrlangan ishchi-xodimlar uchun tezkor tibbiy yordam tashkil etish ishlariga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ilmiy markaz rahbarlari jalb etilgan. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mas’ullari ham jabrlanganlar holidan muntazam xabar olib turibdi”, — deyiladi xabarda.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!