Oliy sud raisi o‘rinbosari Samarqandda sayyor qabul o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov Samarqand viloyatida sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabulda 31 nafar fuqaroning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat Samarqand viloyat sudi mas’ullari va sudyalar ishtirokida batafsil o‘rganildi.
Murojaatlarning 22 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 9 ta murojaat yuzasidan arizalar Oliy sud tomonidan kassasiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi.
Shuningdek, sayyor qabul doirasida o‘tkazilgan sayyor sud majlislarida sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 16 nafar fuqaro qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini munosabati bilan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ish haqi, aliment undirish bo‘yicha murojaatlar o‘rganib chiqilib, sud buyruqlari chiqarildi va ijroga qaratildi. Ajrashish yoqasiga kelib qogan oilalar bilan suhbat o‘tkazilib, yarashtirish choralari ko‘rildi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan da’vogar tadbirkorlarning 403 million 401 ming so‘mlik da’vo talabi qanoatlantirildi.