Oliy sud Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan fuqaroni do‘pposlangani bo‘yicha munosabat bildirdi

Oliy sud Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan fuqaroni do‘pposlangani bo‘yicha munosabat bildirdi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari fuqaroni do‘pposlayotgani aks etgan video tarqalgan edi.

Holatga IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov oydinlik kiritib, videotasvir 2021 yilning 14 iyul kuni Farg‘ona shahri ichki ishlar bo‘limida sodir etilganini ma’lum qilgandi.

Mazkur voqeilik bo‘yicha Oliy sud axborot xizmati ham bayonot berdi.

Uning ma’lum qilishicha, Farg‘ona shahridagi holat yuzasidan profilaktika inspektorlari M. A. va B. T. Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudining 2022 yil 14 martdagi hukmi bilan har ikkisiga nisbatan ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Qayd etilishicha, bu jinoyat ishi Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilib, 2022 yil 23 avgustdagi chiqarilgan hukmga ko‘ra M. A. va B. T. ning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas sababli aybsiz deb topilib, ularning har ikkisi Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi (reabilitasiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitasiya qilingan.

"Farg‘ona viloyati prokurori tomonidan Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya instansiyasining 2022 yil 23 avgustdagi hukmi ustidan kassasiya tartibida protest keltirilgan bo‘lib, ushbu protest belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilayotganligi ma’lum qilinadi",— deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tilishicha, ushbu jinoyat ishi Oliy sudda kassasiya tartibida ko‘rilishi bo‘yicha sud jarayoni yakuni yuzasidan batafsil axborot beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!