Oilaviy bog‘cha va tarbiyachilar uchun yangi yengilliklar joriy etiladi
O‘zbekistonda ishlayotgan onalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyoz joriy etiladi.
2027 yil 1 yanvardan 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishli ayollarning badal puli davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 30 sentyabr kuni ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ayollarning mehnat bilan band bo‘lishi oila daromadini oshirish bilan birga, bolalar ta’limi uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari uchun ham qator yengilliklar belgilanmoqda.
Hozirda bog‘cha tarbiyachilari ish faoliyatini davom ettirgan holda oliy ma’lumot olish imkoniga ega. Joriy yilning o‘zida 7 ming nafar tarbiyachi oliygohga qabul qilingan. Ular haftaning besh kuni ishlab, bir kuni ta’lim olmoqda.
Kelasi o‘quv yilidan esa tarbiyachilar uchun pedagogika oliygohlarida o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqartiriladi.
Bundan tashqari, bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilariga ham ushbu imkoniyatdan foydalanish huquqi beriladi.
