Navoiyda pul talashgan uka akasining qotiliga aylandi

Navoiyda pul talashgan uka akasining qotiliga aylandi

2021 yilning 7 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi binosida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida o‘z akasining o‘limiga sababchi bo‘lgan 1990 yilda tug‘ilgan SH.O. ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

SH.O. 2021 yil 4 avgust kuni Navoiy shahri “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Shohjahon Shamshiri” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilayotgan qurilish ob’ektining 3-qavatida akasi E.O. bilan birga ovqatlanadi. Aka ukalar spirtli ichimlik iste’mol qilishadi. Mast holatda ish haqi masalasida akasi E.O. bilan o‘rtalarida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqadi. Janjal avjiga chiqib SH.O akasining bosh qismiga shu yerda turgan ketmon dastasi bilan bir marotaba urib, unga tan jarohati yetkazadi.

E.O. respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Navoiy viloyati filialiga yotqizilib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2021 yil 9 avgust kuni kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etadi.

– Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Navoiy filialining 2021 yil 17 avgustdagi 137-sonli xulosasida marhum E.O.ning tanasida hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari mavjudligi va bu jarohatlar uning o‘limi sababi bilan bevosita bog‘liq ekanligi ko‘rsatilgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi sudyasi Habilulla To‘xtayev. – Sud SH.O.ni sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, muqaddam sudlanmaganligi, aybiga to‘liq iqrorligi, qonuniy vakilning da’vosi yo‘qligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy sharoitini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismi “d” bandi JKning 57-moddasini qo‘llab, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!