Erondagi urush AI sanoatiga jiddiy tahdid solmoqda
Financial Times xabariga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy harakatlari sun’iy intellekt texnologiyalari ta’minot zanjirlariga jiddiy tahdid solmoqda. Katta investisiyalar bilan tez o‘sib borayotgan tarmoq xom ashyo tanqisligi va energiya narxlarining keskin oshishiga duch kelmoqda.
Janubiy Koreya va Tayvandagi yetakchi chip ishlab chiqaruvchilar Hurmuz bo‘g‘ozi orqali tashish barqarorligiga keskin bog‘liq bo‘lib qolgan. Xususan, Samsung, SK Hynix va TSMC zavodlar faoliyatini ta’minlash uchun Yaqin Sharq yoqilg‘isi va nodir kimyoviy moddalarga muhtoj.
Shuningdek, Qatardan geliy yetkazib berishdagi uzilishlar ham xavotir uyg‘otmoqda — bu modda kremniy plastinalarini sovitish uchun muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, mojaro hududi orqali mikrosxemalarni tozalashda qo‘llaniladigan oltingugurtning dengiz orqali yetkazib berilishining qariyb yarmi o‘tadi.
AQShda esa data-markazlar infratuzilmasini saqlash xarajatlari keskin oshib bormoqda. Elektr energiyasi bunday ob’ektlar xarajatlarining yarmigacha bo‘lgani sababli, resurslar narxining o‘sishi ularning samaradorligi va investisiyalarning o‘zini oqlashiga tahdid solmoqda.
Investorlar allaqachon texnologiya gigantlari qiymatini qayta ko‘rib chiqmoqda. Tahlilchilar ta’kidlashicha, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali dengiz tashuvlari tiklanmas ekan, neft va gazga mintaqaviy muqobillar yo‘qligi sabab global resessiyadan qochib bo‘lmaydi.
