«Narxoz»ning sobiq prorektori 2 mln dollarni talon-toroj qilganlikda gumonlanib, qidiruvga berildi

«Narxoz»ning sobiq prorektori 2 mln dollarni talon-toroj qilganlikda gumonlanib, qidiruvga berildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sobiq prorektori Nodir Idiyev firibgarlikda gumonlanib, sud organlaridan yashiringani uchun qidiruvga berildi. Buxoro shahar IIB boshlig‘i Bahodirxo‘ja Sharipovning «Daryo»ga ma’lum qilishicha, u davlatning 2 million dollarini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

«Haqiqatan ham Nodir Idiyev qidiruvda, uning xatti-harakati bilan bog‘liq barcha hujjatlar viloyat IIB matbuot xizmati rahbariga taqdim etildi. U ikki million dollar davlat pulini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda», — deydi Sharipov.

UzNews’ning Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ma’muriyatiga tayanib yozishicha, Nodir Idiyev 2021 yilning iyul oyida ishdan ketgan. Ammo universitetning rasmiy saytida Nodir Idiyev hali ham universitetning moliya-iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektori ekani qayd etilgan.

Buxoro shahar jinoyat-qidiruv bo‘limi boshlig‘ining aytishicha, Idiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi bilan jinoiy ish ochilgan.

«Qidiruvdagi shaxsning yashiringan joyini aniqlashda amaliy yordam ko‘rsatgan fuqaroning shaxsi sir saqlanadi hamda pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi», — deyiladi IIB xabarida.

Ma’lum qilinishicha, ushbu fuqaro bunga qadar «Asaka bank» AJ Buxoro viloyati filialida ham faoliyat yuritgan va aynan shu yerdagi ishlari sabab qidiruvga berilgan. 2021 yilning iyulida «Asaka bank» AJ Buxoro viloyati filiali sobiq mansabdori «Osiyo taraqqiyot banki» mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan 2 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini soxta hujjatlar asosida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!