Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklar ozod qilindi

O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan hamyurtlarimizni o‘z oilasi bag‘riga qaytishida amaliy yordam ko‘rsatdi.
Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, vatandoshlarimiz M.S. va B.V. Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lganliklari bildirib, vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha yurtdoshlarimiz Tailandga internet orqali yuqori maoshli ish taklif qilinganidan so‘ng yetib kelgan. Biroq Tailandga yetib kelganidan so‘ng ular aldanib, noqonuniy ravishda Myanmaga olib ketilgan va u yerda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘liga topshirilgan. Vatandoshlarimiz Myanmada noqonuniy markazlarda ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolarga jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlar qo‘llanilgan. Jinoiy to‘da ularning ozod etilishi va vataniga qaytishi uchun katta miqdorda pul talab qilingan.
Shuningdek, 8 nafar Qirg‘iziston va 4 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham Myanmada xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan. Tailandda Qirg‘izistonning diplomatik vakolatxonasi yo‘qligi inobatga olinib, Qirg‘iziston tomonining iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari ushbu fuqarolarni o‘z vataniga qaytarishni tashkil etishda yordam ko‘rsatdi.
Myanma va Tailand vakolatli organlari bilan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari Mayesot (Tailand) chegara o‘tish punktida ozod qilinib, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlariga topshirildi. Ozodlikka chiqqanlar vaqtinchalik uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlandi.
11 aprel kuni O‘zbekiston va Qozog‘istonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida 2 nafar O‘zbekiston, 4 nafar Qozog‘iston va 7 nafar Qirg‘iziston fuqarosi o‘z oilasi bag‘riga muvaffaqiyatli qaytarildi. Qirg‘izistonning bir fuqarosi sog‘lig‘i bilan bog‘liq holda tibbiy muassasada davolanish uchun vaqtincha Tailandda qolgan. Uning vataniga qaytishi davolanish kursi tugaganidan keyin tashkil etiladi.
Bu holat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari xorijda ham samarali hayotga tatbiq etilayotgani, odamlarga real yordam ko‘rsatishda amaliy ifodasini topayotganining yorqin misolidir.
O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi fuqarolarni xorijda ishga joylashish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishda hushyor bo‘lishga va axborot manbalarining ishonchliligini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqiradi. Bosh konsulxona, shuningdek, vatandoshlarga Tailand, Kambodja, Myanma va Laosda ishga joylashish bo‘yicha konsullik yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildiradi.