O‘zbekistonda zararli chigirtka sabab 500 ming gektardan ziyod maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi 2024 yildagi amalga oshirilgan ishlar, joriy yildagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda 56 ta davlatga agentlik tomonidan rasmiylashtiriladigan jami 612 ta fitosanitariya sertifikati asosida mahsulot yuklash imkoniyati yaratilgan. Spesifik bozorlardan biri hisoblangan Xitoyning maxsus reestrga 19 turdagi mahsulot eksporti bo‘yicha 83 ta korxona va 115 ta bog‘ kiritildi.
2024 yilda mavsum davomida zararli chigirtkaga qarshi 743 ming gektarda kuzatuv nazorat ishlari olib borildi va 504,7 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi. “Karantin xizmati — dehqonga ko‘makchi” tamoyili asosida o‘simliklar klinikalari va biolaboratoriya egalari ishtirokida agroklaster, fermer va dehqon xo‘jaligi, issiqxona hamda tomorqa yer muammolari qisqa fursatlarda hal etish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
O‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha mahsulot ishlab chiqaruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida biolaboratoriyalar 639 taga (qo‘shimcha 16 ta) va o‘simlik klinikalari 971 taga (qo‘shimcha 28 ta) yetkazildi. 529 ta biolaboratoriyaga “Texnik-pasport” va “Sifat sertifikati”lari berildi.
Eksportda 143,9 mingta mahsulot namunalari ekspertizadan o‘tkazilib, 1 440 ta holatda 11 turdagi, importda 304,8 mingta ekspertizadan o‘tkazilib, 1 268 ta holatda 24 turdagi karantin ob’ektlari aniqlandi va tegishli choralar ko‘rildi.
1739,3 tonna va 30 999 dona o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar qaytarildi, 2,79 tonna va 194 313 dona yo‘q qilindi.