Mutaxassis: Tishdagi toshlar parodontozga olib keladi

Mutaxassis: Tishdagi toshlar parodontozga olib keladi

Inson salomatligida tishlarning sog‘lom bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Biroq bunga doim ham e’tibor bermaymiz. Oqibatda tishda tosh paydo bo‘lib, yoqimsiz holat yuzaga keladi.

Xo‘sh, buning asosiy sababi nima? Undan qanday xalos bo‘lish mumkin?

Ushbu savollarga stomatolog-shifokor Mirafzal Irxanov javob berdi.

🦷 — Sog‘lom tishlar, avvalo, organizm salomatligidan darak beruvchi belgi hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Tishlar chaynov jarayonining boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanib, so‘lak fermentlari yordamida ovqat luqmasini hazm jarayoni uchun tayyorlab berishi bilan ahamiyatli. Sog‘lom tishlar insonga husn va chiroyli tabassum hadya etadi. Ammo ularga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, tish va og‘iz bo‘shlig‘ida turli xastaliklar rivojlanishi mumkin.

✅ Tish-tosh kasalligi shular jumlasidan. U tish sirtidagi sarg‘ish yoki kulrang (kashandalarda jigarrang, hatto qoramtir) qatlam hisoblanib, milk usti va ostida, tish bo‘ynida hosil bo‘ladi.

🚬Toshlar to‘satdan paydo bo‘lmaydi. Asosan og‘iz gigiyenasiga yetarlicha g‘amxo‘rlik qilinmaganda kuzatiladi. Qolaversa, tishlar shakli, ovqatni chaynashda uni noto‘g‘ri taqsimlash, so‘lak tarkibidagi o‘zgarishlar, qattiq yeguliklar yetishmasligi, tamaki chekish, kuchli choy va qahvani ko‘p ichish natijasida ham kelib chiqadi. Oqibatda tishlarda dastlab oqimtir qarashlar ko‘zga tashlanadi.

🍜 Tosh to‘g‘ri tozalanib, yuvilganda yoki qattiqroq ovqat chaynalganda osonlik bilan ko‘chib tushishi mumkin. Ba’zan uning ichki yuzasini qoplab emal qismiga singib ketadi. Shu bois toshni ko‘chirish ancha qiyin. Bu esa asta-sekin milkni ezib qo‘yadi va ular qonaydigan, og‘izdan qo‘lansa hid keladigan bo‘lib qoladi. Shuningdek, yiring ajralib, milk shilliq pardasining yallig‘lanishi (gingivit) va parodontozga olib keladi.

🪥 Tishda tosh paydo bo‘lishining oldini olish uchun ovqatni me’yorida chaynash (hamma tishlar bilan), suvi qochgan non, sabzi, olma yeb turish lozim. Qolaversa, kasal tishlar va yallig‘langan milkni o‘z vaqtida davolash, yo‘q tishlar o‘rnini to‘ldirish zarur. Qolaversa, ularni kunda 2 marta sifatli tish pastasi bilan yuvish hamda vaqt-vaqti bilan stomatolog ko‘rigidan o‘tib turish maqsadga muvofiq.

🔬Bugungi kunda tishdagi toshlar og‘riqsiz usullar – lazer, ultratovush va aerozol oqimi yordamida olib tashlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!