Musulmonning hayoti ibodat va yer uning masjididir

Musulmonning hayoti ibodat va yer uning masjididir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bizdan kimlar: “Alloh mening zimmamga ahlimni nafaqa bilan ta’minlashni yuklagan, shuni bajarishim kerak. Qolaversa, odamlarning mendagi ishga ehtiyojlari bor, Allohning yordami ila ularning hojatlarini ravo qilay, Alloh bizning hojatlarimizni ravo qilib qo‘yadi” deya, uyidan halol rizq talabida chiqar ekan, ibodatning takbirini aytibdi. O‘zining va o‘zgalarning ehtiyoji uchun nimaiki halol kasb-hunarni ana shunday yaxshi niyat ila, Allohning roziligini ko‘zlab ado etar ekan, u kishi ibodat qilyapti ekan.

Muslimalarimizdan kimlar: “Tug‘ruqxonada erkaklar ko‘payib ketdi, axir bu ayollarning ishi-ku! Men tib ilmini shu soha bo‘yicha o‘rganib, yetishmovchilikni bittaga bo‘lsa ham to‘ldiray. Qayerdadir yana bittasi menga o‘xshab harakat qilayotgandir, birgalashib farzi kifoyani ado etaylik!” deyayotgan bo‘lishsa, ibodatni boshlab yuborishganidandir. Shu niyat bilan qilayotgan har bir xayrli xatti-harakatlari Allohga bandalikning bir ko‘rinishidir.

Ota-onasining xizmatlariga shay turgan farzand ibodatga shay turibdi ekan. Ota-onasidan Allohning amriga ters bo‘lmagan amr kelganda, Allohning roziligini ularning roziligidan istab, aytganlarini bajarishga kirishdimi, demak, u ibodatga kirishibdi.

“Bu – Alloh Rasulining sunnati. Bu qanday ham go‘zal sunnat” deya, ahli ayoli keltirgan taomni avval o‘ziga yedirib, ichimlik bo‘lsa ichirib, so‘ngra o‘zi ayoli yegan joydan yeb, u ichgan joydan ichib, ahlini xursand qilib, oralaridagi muhabbatni ziyoda qilish payida bo‘lgan kishi ham ibodat qilibdi ekan.

“Allohning izni ila erimni haromdan to‘suvchi bo‘lay” deya, faqat eri uchun ziynatlanuvchi, erini ko‘cha-ko‘ydagi yarim-yalang‘ochlardan “og‘dirib olish”ning doimiy harakatida bo‘luvchi, ko‘chadagi holi uydagi holidan afzal bo‘lmagan muslima ayollarimiz ibodatning juda kattasini qilishyapti ekan.

“Allohim, meni ayolim bilan, uni men bilan qanoatlantirgin, bizlarga nafsimiz va shayton yomonligidan panoh bergin” deya, doimiy duoda bo‘lib, ko‘chaga chiqar ekan, nigohini quyi solib yuruvchi birodarlarimiz ham ibodatning juda kattasiga yopishibdi. Bundaylar Alloh tomon yugurib ketishayapti ekan.

Nomahram qo‘l uzatganida “So‘rashmadi, o‘zini katta olarkan, bizni mensimadi, deydi, xafa bo‘ladi, g‘alati bo‘ladi, u bo‘ladi, bu bo‘ladi” kabilar xayolining chekka bir ko‘chasiga ham kelmagan, faqatgina “Alloh bizni bundan qaytargan, Rasulimiz bizga buni yetkazganlar” deya, o‘zini tortgan kishi, batahqiq, ibodat qilibdi.

Futbol tomoshalariga, kompyuter, telefon kabilardagi har turli virtual o‘yinlarga, internetda, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda behuda kezishlarga ruju’ qo‘yishni behuda vaqt sarflash, keraksiz ishqibozlik bilib, umr ham ne’mat ekanligini, undan ham so‘ralishini anglab yetgan va bunday narsalarni tark etgan kishi ibodat qilibdi, behuda sarf bo‘layotgan vaqtini ibodatga bo‘shatibdi, Alloh tomon yana bir qadam tashlabdi.

“Men bandalariga yengillik istay, Alloh bizga yengillik qilsin. Allohning barakasi bilangina serob bo‘lamiz” deya, narx qo‘yishda insof qilgan tojirning bu yengillik istashini ham ibodat deydilar.

Xullas, mana shular va Alloh O‘z dinida maqtagan har bir ishni Uning rozilini ko‘zlab bajarish – bari ibodatdir. Shu yo‘lda bosilgan har bir qadam Allohning yo‘lida bosilgan qadamdir. Allohning dinini, undagi odam bolasi tug‘ilganidan to vafot etgunicha duch kelishi mumkin bo‘lgan har bir holat uchun keltirilgan ko‘rsatmalarni qo‘lidan kelganicha o‘rganib, hayoti davomida qodir bo‘lganicha ana shu o‘rganganlari bo‘yicha ish tutib o‘tkazilgan hayot – ibodatdir va yer – ana shunday hayot sohibining masjididir.

 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning «Islom tarixi» va «Amallar niyatga bog‘liqdir» kitoblari asosida Oxunjon Oxunov tayyorladi.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!