Musulmonlar idorasi Ishoqjon domla xatti-harakatlarini ko‘rib chiqadi
Joriy yilning 24 avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatovning soliqlar va keshbek ilovalaridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’ruzasi keskin munozaralarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston musulmonlar idorasi munosabt bildirdi.
“Ta’kidlash kerakki, Ishoqjon Begmatovning mazkur qarashlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning o‘zboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil o‘rganilib, keshbek kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablag‘, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda g‘arar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan”, deyiladi munosabatda.
Soliq iqtisodiyot asoslaridan biri bo‘lib, ijtimoiy himoya, xayriya ishlari, bog‘cha, maktab, mudofaa kabi aholi uchun zarur ob’ektlarni moliyalashtirish, shuningdek, yo‘l, ko‘prik va shifoxona singari ko‘pchilikka muhim inshootlarni qurish hamda pensiya, nafaqalar soliq tushumlari hisobidan amalga oshiriladi.
Soliqlar har bir zamon va makonda mavjud bo‘lgan. Islom dinida ixtiyoriy xayriyalarga hadya, sadaqa kabilar kirsa, majburiylari qatoriga zakot, ushr, fitr sadaqa, fidya va jizya kabilar kiradi. Islom tarixida ham mana shunday yig‘imlar hukumat ishlarini yuritish, yordamga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta’minlash, ko‘prik va shu kabi insonlarga manfaat keltiradigan inshootlarni barpo etishga sarflangan.
Shuningdek, munosabatda aytilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini qonunchilik talablariga hurmat bilan yondashishga muntazam chaqirib kelgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan hujjatlarda imom-domlalar amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishlari, mehnat majburiyatlariga amal qilishlari hamda munozaraga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmasliklari qat’iy belgilab qo‘yilgan.
“Afsuski, Ishoqjon Begmatov mazkur chiqishida me’yoriy hujjatlar talablarini buzib, ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar, ichki tartib qoidalar hamda mehnat majburiyatlariga amal qilmagani ma’lum bo‘ldi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi shu yil 25 avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov xatti-harakatini ko‘rib chiqadi”, deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.
