Murg‘ak jonga ko‘tarilgan qo‘l
Men doim kimgadir achchiq qilib, farzandlarimni kaltaklayman. Asabiylashib jahlim chiqqanida o‘zimni qo‘lga ololmay qolaman. Har gal bolalarimni kaltaklab bo‘lgach, keyingi safar urmayman deb o‘zimga so‘z beramanu, lekin bu holat yana takrorlanaveradi».
Shohista
Bu ayol erining alamini farzandlaridan olyapti. U o‘zining asabiy bo‘lib qolganining sababini izlashi kerak. Nima uchun hayotdan xafa, bolaligidan ruhan ezilganmi (masalan: e’tiborning kamligi, istagi amalga oshmagani), qaysi asoslarga ko‘ra bugun atrofdagilarga shaxsiy fikrini bayon eta olmaydi, uni xo‘rlashganida, kamsitishganida indamay turadi – shu savollarga javob topsa, alamzada bo‘lganining sababini tushunib yetadi.
Eng yaxshi usul: o‘zini xafa qilgan odamlar (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, qaynona, yon-atrofdagilar) bilan ochiqchasiga gaplashsin. Agar bunday qila olmasa, qo‘liga qalam olib, kimlardan ranjiganini qog‘ozga yozib chiqsin. Gap shundaki, inson xotirasidagi barcha xafagarchiliklar uning tanasida ham saqlanib qoladi. Bu ayolning ongi garchi to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib tursa-da, tanasi bolalaridan o‘ch olyapti. Demak, tanani tozalash kerak.
Toza qog‘ozning birinchi ustuniga nima uchun xafa bo‘lganini yozsin, keyin ranjitgan odamning o‘rniga o‘zini qo‘yib, tashqaridan o‘z harakatlariga nazar solsin. Ikkinchi ustunga anglaganlarini qayd etadi («meni nega urishganini tushunib yetdim, xatolarimni angladim» degan jumlalar bilan), buning natijasida ancha yengillashadi. Uchinchi bosqich – ranjigan insondan rozi bo‘lishdir. Ya’ni, «men sizni kechirdim, siz ham meni kechiring» degan so‘zlar aytiladi. To‘rtinchi bosqich minnatdorlik bo‘lib, bu bo‘limda ranjigan insoni bilan o‘tkazgan baxtli onlarini «o‘sha paytda siz meni qo‘llab-quvvatlagansiz, minnatdorman» deb xotirlash kerak. Shu tariqa nechta odamdan xafa bo‘lsa, har biri haqida to‘rtta ustunga yozib chiqsa, yuragi ancha bo‘shaydi.
Har kuni shukronalik bilan yashasin, ana shunda hayoti yaxshi tomonga o‘zgaradi, farzandlariga ham qo‘l ko‘tarmaydi.
Kaltak esda qolmasligi mumkin, ammo...
Baxt-saodatning siri biz orzu qilgan narsamizda emas, boriga qanoat qilishimizda, chunki insonda orzuning nihoyasi yo‘q!
Borimizga shukr qilaylik.
Umuman aytganda, bolalarni, ayniqsa, yetti yoshgacha kaltaklash mutlaqo mumkin emas. Bu ularning kelajakdagi hayotiga katta ta’sir o‘tkazadi. Kaltaklar bola xotirasida muhrlanmasligi mumkin, ammo botiniy ongida baribir saqlanib qoladi. Natijada ulg‘ayish davrida u o‘zini keraksiz shaxsdek his etadi. Katta bo‘lganida esa «men nima uchun hech kimga kerak emasman?» deb «qurbon» rolida yashaydi.
Bolaligida ota-onasidan qattiq xafa bo‘lgan inson hayotda o‘z o‘rnini topishga juda qiynaladi. Shunday ekan, farzandlarimizning yetti yoshgacha bo‘lgan tarbiyasida biz, kattalardan og‘ir-vazminlik talab etiladi. Afsuski, oxirgi paytlarda bunday yondashuvlar ko‘pchilikda kamayib ketyapti.
Gap shundaki, yetti yoshgacha bo‘lgan bolasiga gapini tushuntirib, hukmini o‘tkaza olmagan onaning o‘zi hali yosh bola psixologiyasida qolib ketgan hisoblanadi. Bolasini kaltaklayotgan ona farzandining darajasida turibdi.
Aziz ayollar, unutmang, bolangizni besh yoshida yo‘lga solmadingizmi, o‘n besh yoshida ham uddalay olmaysiz. Baqiryaptimi, urishyaptimi, bu holatda ota-ona kuchli shaxs emas. Aksincha irodali, sabrli bo‘lib, bolasiga qayta-qayta tushuntirsa, yaxshi natijaga erishish mumkin. Onalar farzandini bolaligidanoq yoniga olib, hamma o‘gitni bosqichma-bosqich o‘rgatib borishi kerak. Farzandlarini emin-erkin qo‘yib, ko‘p narsaga ruxsat beradigan ota-onalar bor. Natijada bolalar «menga hamma narsa mumkin ekan», degan fikrga boradi.
Bir voqeani aytib beray. Huzurimga ona bolasini olib keldi. Suhbatlashib bo‘lganimizdan so‘ng ular bilan xayrlashdim. Bolasi besh daqiqa ilgari o‘ynab o‘tirgan o‘yinchoqlar sochilgan joyida qoldi. Demak, atrofni tartibsiz tashlab ketish bolakay uchun oddiy holatga aylangan. Agar shu joyda ona o‘yinchoqlarni sochib ketish tartibsizlik ekanini tushuntirsa, kelgusida bunday vaziyatlarda bolasi bilib to‘g‘ri ish qiladi. Ya’ni bunday tarbiya botiniy ongida saqlanib qoladi. Bolalarga betartib, pala-partish hayot kechirishga ruxsat bermaslik kerak.
Ota-onalarning bolasi yetti yoshga to‘lguniga qadar amalga oshirgan mashaqqatli mehnati kelajakda albatta o‘z mevasini beradi. Bu yoshdan keyin esa kechikkan tarbiya berishdan naf yo‘q. Shunday ekan, tarbiya bobida dangasalikka yo‘l qo‘ymang!
Ammo nima bo‘lganda ham unutmang, kaltak dilbandingizga hech qanday foyda bermaydi.