Mo‘mina qizlar boshqa din vakillariga turmushga chiqsa bo‘ladimi?
— Hozirgi kunda mo‘mina qizlarimiz boshqa din, boshqa millat yigitlari (masalan, xitoy, koreys, rus va boshqa)ga turmushga chiqib ketayotganini ko‘p eshityapmiz. Dinimizda muslima ayolning o‘zga din vakiliga turmushga chiqishi borasida nima deyilgan? Aksincha, muslima bo‘lmagan qizlarning musulmon yigit bilan oila qurishi masalasida-chi?
— Nikoh insoniy aloqalar ichida eng muqaddas va ahamiyatlisidir. Nikohdagi ikki shaxs bir-biriga eng yaqin shaxslar hisoblanadi. Bu holga erishish avvalo, qalblarning birlashmog‘ini, qalblarning birlashmog‘i esa aqiyda birligini taqozo etadi. Chunki har bir insonning hayotiy yo‘lini belgilaydigan o‘lchov uning diniy nuqtai nazari bo‘ladi. Shu boisdan Islom aqiydasida buzuq ayollarga uylanish, mushrik erkaklarga turmushga chiqish man etiladi.
Musulmon erkak Islom aqidasidan o‘zga aqidadagi mushrika ayolga uylanishi mumkin emas. Lekin u ayol o‘z dinini tark etib, Islom diniga kirib, mo‘mina bo‘lsa, shundan keyin uylansa bo‘ladi. Bu hukmdan yahudiy va masihiy dinidagi ayollar mustasno. Ular o‘z dinlarida tursalar ham, musulmon erkak ularga uylansa bo‘ladi.
Shuningdek, mo‘mina ayollarning mushrik erkaklarga turmushga chiqishlari, ularga nikohlanishlari qat’iyan man qilinadi: “Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang”.
Ya’ni mo‘minalarni ularning nikohiga bermang. Muslima-mo‘mina ayollar musulmon dinidagi erkakdan boshqa erkakka turmushga chiqishlari mutlaqo mumkin emas. Agar u erkak Islomga kirib, mo‘min bo‘lsagina, ruxsat bo‘ladi. Hatto, erkak yahudiy yoki masihiy dinida bo‘lsa ham, muslima ayolning unga nikohlanishi harom. Faqat musulmon erkak bo‘lishi shart.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biz ahli kitobning ayollariga uylanamiz, ular bizning ayollarimizga uylanmaydilar”, deganlar. Xuddi ayollarga o‘xshab, erkaklar fazlining o‘lchovi ham iymondir: “Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir”. Ya’ni erkak kishi qul bo‘lsa ham, mo‘min bo‘lsa, bas, boshqa iymonsiz erkaklardan yaxshidir.
Erkak bo‘lsin, ayol bo‘lsin, iymonsizligi, mushrikligi juda yomon, kim ular bilan aloqada bo‘lsa, xususan, nikoh kabi muqaddas va nozik aloqada bo‘lsa, kasofati uradi. Urganda ham, eng hassos nuqtada – aqiyda bobida uradi va inson o‘z turmush o‘rtog‘iga ergashib, dinidan chiqib ketishi xavfi bor. Shuning uchun oyatda: “Anavilar o‘t-olovga chaqirarlar”, – deyiladi. Anavilar (mushriklar) o‘zlari bilan birga bo‘lganlarni mushriklikka, bu degani, do‘zax o‘tiga chaqiradilar. “Alloh esa O‘z izni ila jannatga va mag‘firatga chaqirar hamda odamlarga O‘z oyatlarini bayon qiladir. Shoyadki, eslatma olsalar”. Shuning uchun Alloh taoloning bayon qilib bergan oyatlariga amal qilib yashash kerak.
Muhammad Ayyub HOMIDOV