Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi: Ebola epidemiyasi rekord darajaga yetishi mumkin
AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) tahlilchilari tomonidan tayyorlangan modellarga ko‘ra, Markaziy Afrikadagi Ebola epidemiyasi 2014 yildagi rekord darajadagi epidemiya ko‘lamiga yetishi yoki hatto undan oshib ketishi mumkin.
Braun universitetining Pandemiya tadqiqotlari markazi epidemiologiya professori Jennifer Nussoning ta’kidlashicha, modellashtirish natijalari mutaxassislar uzoq vaqtdan beri xavotirda bo‘lib kelayotgan holatni tasdiqlamoqda.
«Bu epidemiya xavfli yo‘nalishda rivojlanmoqda», — dedi u.
CDC tomonidan ishlab chiqilgan ayrim ssenariylarga ko‘ra, kasallanganlar soni 20 ming nafardan oshib ketishi mumkin. Biroq mutaxassislar epidemiyaning aniq qanday rivojlanishini oldindan bashorat qilish qiyinligini ham ta’kidlamoqda.
6 iyun holatiga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida kamida 488 nafar kishi Ebola virusini yuqtirgan, 86 nafar bemor esa vafot etgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongo Demokratik Respublikasi va qo‘shni Ugandadagi Ebola tarqalishini xalqaro miqyosda tashvish uyg‘otuvchi sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat deb e’lon qildi.
Markaziy Afrika davlatlarida Ebola epidemiyalari vaqti-vaqti bilan kuzatib turiladi. Biroq 2013–2016 yillardagi epidemiya tarixdagi eng yirik epidemiya hisoblanadi.
U Gvineyada boshlanib, tez orada Syerra-Leone va Liberiyaga tarqalgan hamda Afrikadan tashqari hududlarga ham yoyilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha epidemiya davrida taxminan 30 ming kishi kasallangan va 11 300 nafar odam hayotdan ko‘z yumgan.
