Dubay shahzodasining sobiq rafiqasi hibsga olindi: farzandlar uchun kurash davom etmoqda
Dubayda ozarbayjonlik sobiq gimnastikachi Zeynab Javadli hibsga olindi. Bu voqea uning uch nafar qizi ustidan vasiylik huquqi uchun sobiq turmush o‘rtog‘i — Dubay hukmdorlari oilasi vakili shayx Said bin Maktum bin Rashid Ol Maktum bilan davom etayotgan mojaro fonida yuz berdi.
Dubay prokuraturasi ma’lum qilishicha, Javadli sobiq erining murojaatidan so‘ng qo‘lga olingan. Shayx uni sud tomonidan tasdiqlangan uchrashuv paytida bolalarni olib ketganlikda ayblamoqda.
Javadlining qarindoshlari va yaqinlari seshanba oqshomidan beri u bilan aloqa uzilganini bildirib, xavotir izhor qilgan. Deyarli ikki kun davomida uning va bolalarining qayerda ekani haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmagan.
Uning britaniyalik advokati va inson huquqlari faoli Devid Xeygning aytishicha, Zeynab so‘nggi oylarda xavfsizlik kuchlari bolalarini olib ketishi va o‘zini hibsga olishi mumkinligidan qo‘rqib, deyarli uyidan chiqmay kelgan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq eri uni bolalarni o‘g‘irlab ketishda ayblamoqda. O‘tgan yili ham u polisiyaga murojaat qilib, qizlari olib ketilgani haqida shikoyat qilgan edi. Tomonlar bir necha yildan beri bir-birini bolalarni o‘g‘irlashda va ularni noqulay sharoitda saqlashda ayblab kelmoqda.
Zeynab Javadli sobiq ozarbayjonlik badiiy gimnastikachi bo‘lib, jahon va Yevropa chempionatlari sovrindori hisoblanadi. U 2015 yilda shayx Said bin Maktum bin Rashid Ol Maktumga turmushga chiqqan. Ulardan uch nafar qiz farzand tug‘ilgan bo‘lib, katta qizi hozir 10 yoshda.
Juftlik 2020 yilda ajrashgan. Shundan keyin Javadli bir necha bor sobiq erining oilasi farzandlari bilan ko‘rishishiga to‘sqinlik qilayotganini aytgan. O‘tgan yili u sud jarayonlaridan birini jonli efirda namoyish qilib, jamoatchilikdan yordam so‘ragan edi.
Shayxning advokatlari esa sudda Javadlini bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilishda, ularni maktabga yubormaslikda, mehmonxonada yashashga majburlashda va kichik qizining sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yishda ayblagan. Javadli bu ayblovlarning barchasini rad etmoqda.
Hozircha vasiylik bo‘yicha sud tortishuvlari davom etmoqda va ishning yakuniy natijasi ma’lum emas.
