«Ankorij ruhi»dan voz kechildi: Ukraina bo‘yicha diplomatiya boshi berk ko‘chaga kirdimi?
Ukraina mojarosi atrofidagi xalqaro diplomatik sa’y-harakatlar tobora murakkablashmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina urushni o‘zlari hal qilishi kerakligini bildirib, Vashingtonning vositachilik rolini qayta ko‘rib chiqishga ishora qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonlarga yetarlicha yordam bergan va endi ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali yechim topishi lozim.
Bu bayonot AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning Kongressdagi chiqishidan keyin yangradi. Rubio AQShni Ukraina mojarosida neytral vositachi emas, balki Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi tomon sifatida tavsifladi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainadagi harbiy maqsadlariga to‘liq erisha olmagan va bu bosqin strategik jihatdan muvaffaqiyatsizlikka aylangan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa bu bayonotlarga keskin munosabat bildirib, ularni «ajablanarli» deb atadi. Uning fikricha, agar AQSh endi Ukraina tomonida ekanini ochiq tan olayotgan bo‘lsa, demak, «Bayden urushi» endi «Tramp urushi»ga aylangan.
Lavrov shuningdek, AQSh va Yevropa davlatlarining Ukraina bo‘yicha yondashuvlari o‘rtasida deyarli farq qolmaganini ta’kidladi.
Ayni paytda Yevropa yetakchilari ham Rossiya bilan muzokaralar ehtimolini muhokama qilmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa davlatlari muzokaralar stoli atrofida bo‘lishi tabiiy ekanini aytdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Rossiya bilan umumiy xavfsizlik masalalari bo‘yicha muloqotga ehtiyoj borligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Boltiqbo‘yi davlatlari Moskva bilan ehtiyotkorlik bilan muloqot qilish zarurligini bildirmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, agar Yevropa davlatlari Rossiya bilan muloqotni qayta tiklashni istasa, ular faqatgina aloqa o‘rnatishi kerak.
Biroq hozircha Ukraina bo‘yicha diplomatik jarayonlarda sezilarli siljish kuzatilmayapti. Vladimir Zelenskiyning Vladimir Putinga yo‘llagan ochiq xati ham Moskva tomonidan jiddiy qabul qilinmadi. Putin bu taklifni rad etar ekan, avval mutaxassislar darajasida kelishuvlar ishlab chiqilishi lozimligini aytdi.
Natijada, AQSh faol vositachilikdan chekinayotgan, Yevropa esa yagona strategiyani shakllantira olmayotgan bir paytda, Ukraina bo‘yicha diplomatik yechim imkoniyatlari hozircha noaniqligicha qolmoqda.
