Meksikadagi migrantlar markazida 39 kishi yong‘in sababli halok bo‘ldi

Meksikadagi migrantlar markazida 39 kishi yong‘in sababli halok bo‘ldi

Meksika shimolidagi Syudad-Xuares shahrida joylashgan migrantlar markazida dushanba kuni sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘ldi.

Yong‘in dushanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 22:00 da Milliy Migrasiya institutida boshlangan. U yerda Markaziy va Janubiy Amerikadan kelgan 68 nafar erkak bo‘lgan. Ulardan 29 nafari yong‘inda jarohatlangan va hududdagi to‘rtta shifoxonaga yetkazilgan.

Guvohlardan biri so‘zlariga ko‘ra, muassasadagi migrantlarning ko‘pchiligi Venesuela fuqarolari bo‘lgan. Shuningdek, binoda Gvatemala va Gondurasdan kelgan migrantlar bo‘lgani ham aytilmoqda.

Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador bayonotiga ko‘ra, migrantlar deportasiya qilinishini bilganidan keyin norozilik sifatida matraslarga o‘t qo‘ygan. Shundan so‘ng yong‘in avj olgan.

«Ular bunchalik dahshatli fojiaga olib keladi deb o‘ylamagan edilar», dedi u.

Yong‘inga nima sabab bo‘lgani haqida rasmiy bayonot berilmadi, biroq mahalliy gazetalar yong‘indan sal avval bino ichida mushtlashuv boshlanganini xabar qildi.

Voqea joyiga qutqaruv xizmatlari va ko‘ngillilar yetib borgan. Meksika Bosh prokuraturasi yong‘in yuzasidan tergov boshlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!