Mehnati samarali deb topilgan tibbiyot xodimlariga ustama to‘lanadi
Bundan tashqari, shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, tibbiy sug‘urta joriy etilayotgan hududlarda elektron reseptlarga o‘tish, birlamchi bo‘g‘indagi stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini ishlab chiqib, samaradorlikka erishgan xodimlarga ustama to‘lash rejalashtirilmoqda. Bu – 2025 yilgi davlat dasturi loyihasida belgilangan.
Bu haqda avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qilgandi. U malakali o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimi yaratilgani, shunday tizim tibbiyotda ham joriy etilishi, lekin hukumatda hali aniq yechimlar yo‘qligini aytgandi. “Asosiy masala – kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash”, degandi Qo‘chqorov.
Dekabr oyida davlat rahbari huzuridagi yig‘ilishda 2025 yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshi oshirilishi ham ma’lum qilingandi. Bu muhokamaga qo‘yilgan davlat dasturi loyihasida aks etmagan.
Loyihada tibbiyot sohasi haqida yana nimalar deyilgan?
Tibbiyot va farmasevtika xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ham ko‘zda tutilmoqda. Buni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Joriy yilda shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, birlamchi bo‘g‘indagi stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish reja qilingan.
2025 yil 1 noyabrga qadar tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy qilinayotgan hududlarda resept asosida beriladigan dori vositalarini elektron resept tizimi asosida tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etiladi.