Mehnat vazirligi Jizzaxda bir guruh ayollar paxta terimi uchun pulini ololmayotganini o‘rgandi

Mehnat vazirligi Jizzaxda bir guruh ayollar paxta terimi uchun pulini ololmayotganini o‘rgandi

2020 yil 10 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh jizzaxlik ayollar 2019 yil noyabr oyida paxta yig‘im terimida ishtirok etganligi, paxta pulini esa hanuzgacha olmagani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayni masala 2020 yil 11 yanvar kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’ullari tomonidan o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, paxta terimi jarayonida ishtirok etgan barcha terimchilarga terim pullari to‘liq berilgan, bundan tashqari rag‘batlantirish uchun o‘simlik yog‘i ham taqdim etilgan.

2019 yil noyabr oyida haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish uchun Forish tuman aholi bandligiga ko‘maklashi markaziga tumandagi 23 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan jami 700 nafar fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qilish bo‘yicha buyurtmalar taqdim etilgan. Ular asosida monitoring o‘tkazilib, jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar ushbu davrda paxta terimida ishtirok etganligi sababli ish haqi to‘lanishi maqsadga muvofiq emas deb topilgan.

Murojaatchilarga paxta terimi hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinganlik uchun to‘lovlar tartibi to‘liq tushuntirilgan.

Hozirda mazkur murojaatni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish chorasi ko‘rilyapti.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!