Mavrikiyda ijtimoiy tarmoqqa taqiq bekor qilindi
Mavrikiy davlatida telefon orqali so‘zlashuvlarni tinglash bilan bog‘liq mojaro tufayli saylov oldidan ijtimoiy tarmoqni cheklash to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi.
"Arab News" xabariga ko‘ra, 24 soat davom etgan taqiq Hind okeanidagi mazkur oroldagi foydalanuvchilar ommabop tarmoqlarga kirishini cheklab qo‘ydi. Umumiy saylovdan keyingi kun - 11 noyabrgacha kuchda turishi nazarda tutilgan ushbu qaror qabul qilinishiga siyosatchilar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati a’zolari va hattoki, chet el diplomatlarining o‘tgan oy internetda paydo bo‘lgan maxfiy telefon yozuvlari e’lon qilinishi sabab bo‘lgan. Bosh vazir Pravind Kumar Jagnot idorasi ma’lumot sizib chiqishi ortidan "respublikamiz va xalqaro hamkorlarimizning milliy xavfsizligi, suvereniteti buzilgan bo‘lishi mumkin" dedi.
Shanba kungi bayonotda Axborot va kommunikasiya boshqarmasi taqiq "vakolatli idoralar bilan maslahatlashilgandan keyin" bekor qilinganini bildirgan. Zero, cheklov ijtimoiy tarmoqqa tayanadigan muxolif partiyalar va mahalliy ommaviy axborot vositalarida norozilik uyg‘otgandi.
Sizdirilgan yozuvlar "Missie Moustass" (Mr Moustache) nomidan, asosan, Tik-Tok’da joylashtirilgan. Ushbu akkauntni bloklashga urinish bo‘ldi, lekin muallif tezda boshqa joyda, yangi nuqtada paydo bo‘lib, deyarli, har kuni ma’lumot beraverdi.
Britaniya Oliy komissari Sharlotta Pyer ishtirokidagi shaxsiy qo‘ng‘iroqlar ham oshkor qilingan ko‘rinadi.
Yana bir shov-shuvli xabar quyidagicha keltirilgan: Jagnot jangari sosialistik harakat rahbari etib qayta saylanishga intilmoqda. U 2017 yil otasi vafotidan keyin bosh vazirlikni meros qilib oldi va ikki yildan so‘ng o‘z koalisiyasi saylovda g‘alaba qozonishini ta’minladi.