Markaziy bank 11 ta bank, bitta mikromoliya tashkiloti va bitta lombardga jarima sanksiyasini qo‘lladi

Markaziy bank 11 ta bank, bitta mikromoliya tashkiloti va bitta lombardga jarima sanksiyasini qo‘lladi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan iyun oyidagi yig‘ilishlarida (etti marta) 42 ta masala ko‘rildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 28 ta masala ko‘rilgan. Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 14 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari ham muhokama qilingan.

Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmagani hamda Markaziy bankka taqdim etilgan ma’lumotlarda noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgani va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish tamoyilidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar boshlarida Markaziy bank qo‘mitasi O‘zbekistondagi 2 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagan edi. O‘shanda Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmagani uchun 1 ta lombardga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!