Makron Isroildan g‘azablandi

Makron Isroildan g‘azablandi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroil diaspora ishlari vaziri Amixaya Shiklining mamlakatdagi parlament saylovlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuv sifatida baholangan bayonotlaridan g‘azablandi, deya xabar qildi Axios.

Makron telefon orqali muloqot chog‘ida Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga o‘z noroziligini bildirgan.

Avvalroq Shikli Fransiyadagi parlament saylovlarida Jordan Bardell va Marin Le Penning “Milliy birlashuv” partiyasini qo‘llab-quvvatlagan. Isroil vaziri Fransiyada o‘ta o‘nglar g‘alabasi Isroil uchun eng afzal ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Shikli bosh vazir Netanyaxuning bu masalada u bilan hamfikr ekanligini ham aytib o‘tgan.

Nashr isroillik vazirning Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi o‘ng partiyalar bilan yaqin aloqalariga e’tibor qaratadi. Shiklining may oyida o‘ta o‘ngchilar anjumanida qatnashgani, unda Le Pen bilan suratga tushgani shundan dalolat beradi.

Fransiya parlamentiga navbatdan tashqari saylovlarda Le Penning “Milliy birlashuv” partiyasi mamlakat Milliy assambleyasidagi 577 o‘rindan 143 tasini qo‘lga kiritib, uchinchi o‘rinni egalladi. "Yangi xalq fronti" chap qanot koalisiyasi eng ko‘p o‘rinni (182) oldi. Ikkinchi o‘rinni esa 168 mandat bilan prezident Emmanuel Makronning «Birgalikda» koalisiyasi qo‘lga kiritdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!