“Lochin” podstansiyasining umumiy quvvati 1302 megavolt-amperga yetkazildi
Elektr energiyasini iste’molchilarga yetkazib berishda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining alohida o‘rni bor. Shu sababli, tizimdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va uskunalarining barqaror ishlashi esa ushbu tashkilot jamoasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Xo‘sh, joriy yilning o‘tgan davrida jamiyat tomonidan qanday ishlar bajarildi? 2024 yil uchun tasdiqlangan rejaga asosan elektr uzatish uskunalari quvvati qay darajada oshiriladi?
Ushbu savollarga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘rinov quyidagicha javob berdi:
– Albatta, tizim faoliyatining barqarorligini ta’minlashda modernizasiya va ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi muhim hisoblanadi. Shu bois tashkilotimiz tomonidan barcha ishlar rejali tashkil etiladi va bu o‘z samarasini beradi.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2024 yil uchun tasdiqlangan rejaga asosan, joriy yil yanvar-oktyabr oylarida 848,3 km. uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlari, 9 dona podstansiya transformatori, 31 dona o‘chirgich va 4 dona kompressor qurilmasi mukammal ta’mirlanadi.
Shu bilan birga, joriy yilda 5451,1 km. uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 304 dona podstansiya transformatori, 1643 dona o‘chirgich, 12 dona kompressor qurilmasi joriy ta’mirlanadi. Masalan, may oyida 14,5 km. uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli elektr tarmoqlari, 1 dona podstansiya transformatori, 4 dona o‘chirgich, 1 dona kompressor qurilmasida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.
Ayni kunlarda esa 125 km. uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli liniyalar, 24 dona podstansiya transformatori va 98 dona o‘chirgich joriy ta’mirlanayotir.
Sarhisobga ko‘ra, yanvar-may oylarida 384,196 km. uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlari, 2 dona podstansiya transformatori, 15 dona o‘chirgich, 4 dona kompressor qurilmasi mukammal ta’mirlangan. Bundan tashqari, 2037,3 km. uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlari, 147 dona podstansiya transformatori, 710 dona o‘chirgich, 7 dona kompressor qurilmalarida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan.
O‘z navbatida, “Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini zamonaviylashtirish va rekonstruksiya qilish” investisiya loyihasiga asosan 220 hamda 500 kilovolt kuchlanishli yuqori kuchlanishli podstansiyalarning o‘rnatilgan quvvatlari oshirib borilmoqda.
Xususan, navbatdagi modernizasiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari Andijon viloyatida joylashgan 500 kilovolt kuchlanishli “Lochin” podstansiyasida olib borildi. 500/220/10 kilovolt “Lochin” podstansiyasining quvvatini oshirish hamda aholini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mavjud AT-2 3x167 megavolt•amperli avtotransformatorlar o‘rniga 3x267 megavolt•amper quvvatli yangi avtotransformatorlar ishga tushirildi. Buning natijasida podstansiyada qo‘shimcha 300 megavolt•amper quvvat yaratildi. Hozirda podstansiyaning umumiy o‘rnatilgan quvvati 1302 megavolt•amperga yetkazildi.
Yil yakuniga qadar AT-1 3x67 megavolt•amperli avtotransformatorlar o‘rniga 3x267 megavolt•amper quvvatli yangi avtotransformatorlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida podstansiyada qo‘shimcha 300 megavolt•amper quvvat yaratiladi. Ishlar nihoyalangandan so‘ng podstansiyaning umumiy quvvati 1602 megavolt•amperga yetkaziladi.