Kreml AQSh bilan siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalasini muhokama qilmayotganini bildirdi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva va Vashington o‘rtasida sanksiyalarni yumshatish evaziga Rossiyadagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalasi muhokama qilinmaganini ma’lum qildi.
Peskov jurnalistlarga Rossiyada siyosiy mahbuslar borligini «qat’iyan rad etishini» va bu masalani bunday tarzda qo‘yish mutlaqo o‘rinsiz ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml Rossiya qamoqxonalaridagi ayrim mahbuslarni ozod qilish evaziga AQSh tomonidan sanksiyalarni bekor qilish yoki yumshatish imkoniyatini «muhokama qilmagan va muhokama qilishi ham mumkin emas».
Shu bilan birga, Peskov Rossiya maxsus xizmatlari Vashington bilan turli mahbuslar almashinuvi bo‘yicha «muntazam aloqalarni» davom ettirayotganini bildirdi.
Avvalroq The Atlantic nashri AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish evaziga siyosiy mahbuslarni ozod qilish g‘oyasini ma’qullagani haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bu tashabbusni Trampning Sharqiy Yevropa bo‘yicha maxsus vakili Jon Koul ilgari surgan.
The Atlantic jurnalisti Saymon Shusterning yozishicha, bunday reja amalga oshsa, AQSh uchun Rossiya nefti, dizel yoqilg‘isi, kamyob yer metallari va boshqa xomashyo turlari bo‘yicha kelishuvlar tuzish imkoniyatini kengaytirishi mumkin.
Shu bilan birga, nashrda siyosiy mahbuslarni insonparvarlik nuqtai nazaridan ozod qilish Trampning xalqaro maydondagi pozisiyasiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida ham fikr bildirilgan.
