Korrupsiya — jamiyat rivojiga g‘ov illatdir
Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir. Bu illat har bir davlat va jamiyatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazgan holda insonlarning xuquq va manfaatlari va erkinliklari rahna solib kelmoqda.
Shuni alohida e’tirof etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Sudyalarning chinakkam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni bu boradagi vazifalarni amalga oshririshdagi muhim hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Farmonga ko‘ra, sud tizimiga yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash hamda sudyalar faoliyatini xolis baholash jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etilmaganligi bu boradagi ishlar shaffofligining yetarlicha ta’minlanmay qolishiga sabab bo‘layotganligi tanqidiy baholangan.
Shuningdek, sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish talab etilayotganligi inobatga olinib, sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko‘rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, farmon bilan sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish, sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish, sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish belgilangan.
Zero, jamiyatimizni korrupsiyadan saqlashimiz uchun avvalambor, fuqarolar ongida huquqiy madaniyatni oshirish lozimligi, bunda davlat organlari va tashkilotlar xodimlarini, ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalarning huquqiy ongini yuksaltirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanishi, xuquqiy ta’lim sohasidagi mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini yaxshilash hamda doimiy ravishda takomillashtirilib borishiga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish ayni muddaodir.
Nodirjon Rayimqulov, Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi