Yangi Toshkentda 14 ta tunnel va 100 ming avtomobil uchun yer osti turargohlari quriladi
Yangi Toshkentda transportlar qatnovi uchun 14 ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev shaharadagi transport infratuzilmasi va muhandislik tarmoqlari qurilishi bilan tanishish chog‘ida ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumki, mazur shahar 1 million aholi yashashiga mo‘ljallangan.
“Shaharda ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi. Transportlar qatnovi uchun 14 ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari quriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagilar amalga oshirilmoqda:
Bo‘lajak chorrahalardan birida ustunlar poydevorini quyish va gidroizolyasiya ishlari bajarilmoqda;
Ayni paytda bir va ikki seksiyali muhandislik kollektorlari qurilishi boshlangan;
Shaharda zamonaviy urbanizasiya talablari asosida “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi;
Mamlakatdailk bor “uch generasiya” stansiyasi quriladi;
Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sug‘orish va texnik maqsadlar uchun yo‘naltiriladi.
Prezidentga Yangi Toshkentning birinchi bosqichida ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ham axborot berildi.
“Auksion orqali sotuvga chiqarilgan yer uchastkalari g‘oliblari o‘zlarining investisiyaviy loyihalarini taqdim etishdi. Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Xususan, birinchi bosqichda 490 million dollar qiymatidagi 11 ta ko‘p funksiyali (mix-used) majmua, mehmonxona va restoranlar loyihalari boshlangan”, —deya qayd etilgan xabarda.
Qayd etilishicha, kelajakda shaharda innovasion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, ta’lim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.