Kitobdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida bemorlar yerda yotibdi(mi)?

Kitobdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida bemorlar yerda yotibdi(mi)?

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatda Kitob tumanidagi viloyat 2-asab-ruhiy kasalliklar dispanserida ayrim bemorlar yerda uxlashayotgani qayd etilgan. Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati holatga munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, mazkur videotasvir 2022 yil 4 iyul kuni Kitob tumanidagi viloyat 2-asab-ruhiy kasalliklar dispanseri bolalar bo‘limi navbatchi sanitarkasi M Xujmatova tomonidan olinib, muassasa bosh shifokoriga telegram orqali taqdim etilgan.

2022 yil 5 iyul kuni dispanser jamoasining umumiy yig‘ilishida mazkur holat muhokoma qilinib, bemorlarning o‘z o‘rniga yotishini ta’minlamasdan, nazoratsiz qoldirgan 4 nafar xodimga mehnat qonunchiligiga asosan intizomiy chora ko‘rilgan. Yig‘ilishda bunday holat boshqa takrorlanmasligi bo‘yicha zarur choralar belgilangan.

Shuningdek, shu guruhda yuqoridagi foydalanuvchi tomonidan dispanserda qo‘li shikastlangan bemor ayolga tibbiy yordam ko‘rsatilmaganligi, u gipssiz yurganligi qayd etilgan.

Aniqlanishicha, 57 yoshli bemor ayol E.S. dispanserda “D” hisobda turadi. 2-guruh nogironi, 2022 yil 1 apreldan hozirgi kunga qadar bu muassasada yotib, davolanib kelmoqda. 2022 yil 3 iyun kuni yiqilib tushgan. Shu kuni chap qo‘l kaft sohasi rentgen qilinib, travmatolog shifokorga ko‘rsatilgan. "Chap qo‘l 4-barmoq o‘rta falangasining yopiq sinib siljishi" tashxisi qo‘yilgan. Bemorga mutaxassis tomonidan tegishli muolajalar qilingan. 2022 yil 27 iyun kuni bemorning qo‘li qayta rentgen qilinib, travmatolog shifokor nazoratidan o‘tkazilgan. Suyaklari bitganligi sababli bog‘lov yechilgan. Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli.

Dispanser binosi 2021 yil aprelda foydalanishga topshirilgan. 150 o‘ringa ega bo‘lgan muassasada bemorlarning davolanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish zarurki, O‘zbekiston Respublikasi "Psixiatriya yordami to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra ruhiyati buzilgan bemorlarni ularning o‘zi hamda qonuniy vakilining ruxsatisiz foto-, video yoki kino tasvirga olish mumkin emas, deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!