Kasallik xavfini yetti yil avval aniqlash yo‘li topildi

Kasallik xavfini yetti yil avval aniqlash yo‘li topildi



Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 55 million nafardan ziyod kishi demensiya xastaligidan aziyat chekmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2030 yilga borib bu raqamlar 78 million, 2050 yilda esa 139 million nafarga yetishidan xavotirda.

Asosan keksa yoshli odamlarda kuzatiladigan mazkur kasallik aqliy qobiliyat va xotiraning susayishi bilan namoyon bo‘ladi.

Bunga miya qon tomirlari aterosklerozi, insult, takroriy bosh miya jarohatlari, spirtli ichimliklar, giyohvandlik, doimiy qon yo‘qotish kabi omillar sabab bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, bugun ana shu xastalikka qarshi qanday samarali kurashish mumkin? Uning oldini olish uchun qanday profilaktik choralar mavjud? Dunyo olimlari uzoq yillardan buyon shu haqda bosh qotirishmoqda.

Nihoyat irlandiyalik tadqiqotchilar yaqinda muhim bir yangilikni e’lon qildi. Unga ko‘ra, demensiya xavfini ancha oldin, ya’ni kasallik paydo bo‘lishidan 7 yil avval aniqlasa bo‘ladi.

Buning uchun olimlar maxsus qon biomarkerini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, demensiya xavf guruhiga mansub kishilarning qon tarkibida P-tau181 oqsili darajasi oshishi qayd etiladi.

Tadqiqot 7 yil avval boshlangandi. O‘shanda 64 yosh atrofidagi 54 nafar kishining qonida ushbu oqsil darajasi o‘lchangan edi.

Tekshiruvlar yetti yildan so‘ng yana takrorlandi. Ko‘ngilli ishtirokchilar bosh miyasi maxsus skaner diagnostikasidan o‘tkazildi.

Natijalar taqqoslanganda, bu gal ham qondagi P-tau181 darajasi oshishi qayd etildi. Mazkur holat miyada ko‘p miqdorda beta-amiloid (Alsgeymer kasalligining asosiy omili) to‘planishi bilan bog‘liq ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, qondagi P-tau181 oqsili miqdorini o‘lchash erta bosqichdayoq kasallik rivojlanishining oldini olish imkonini beradi. Natijada demensiyani davolashda yuqori samaradorlikka erishiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!