Kanada: Falastinliklarni majburan ko‘chirish – yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat

Kanada G‘azo sektoriga nisbatan pozisiyasini o‘zgartirmadi va Falastinning tan olinishi tarafdori bo‘lib qolmoqda. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Melani Joli X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada hukumati «ikki davlat» yechimi tarafdori bo‘lib qolmoqda. Bu modelga ko‘ra, Isroil va Falastin xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar doirasida tinch yashash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Joli, shuningdek, HAMAS harakati G‘azoni boshqarishda hech qanday rol o‘ynamasligi lozim, deb hisoblaydi. Biroq shu bilan birga, falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi hurmat qilinishi kerak, dedi u.
💬 «Biz falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz, shu jumladan ularning G‘azodan majburan chiqarilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deb yozdi Kanada tashqi ishlar vaziri.
Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida AQSh G‘azoni o‘z nazoratiga olishini e’lon qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vashington G‘azoda minalarni tozalash va vayron bo‘lgan inshootlarni tiklash ishlarini boshlaydi. Bundan tashqari, u G‘azo aholisini Misr va Iordaniyaga ko‘chirishni, u yerda yangi yashash joylari qurilishini taklif qildi.
«Biz G‘azoni nazoratga olamiz va uning tiklanishi bilan shug‘ullanamiz», — dedi Tramp va eksklavni «to‘liq vayron qilingan hudud» deb atadi.
Bunga javoban Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Trampning falastinlik qochqinlarni arab mamlakatlariga joylashtirish taklifiga keskin qarshi chiqdi.
«Xalqaro hamjamiyat, ayniqsa islom olami, 1967 yil chegaralari doirasida ’ikki davlatʼ yechimiga kelishib oldi. Falastin muammosi aynan falastinliklarning o‘z yerlaridan haydalishi bilan boshlangan edi», — dedi Fidan.