JSST semizlikni epidemiya deb e’lon qildi

JSST semizlikni epidemiya deb e’lon qildi

Insoniyat yaqin yillarda yana bir global xatar bilan ro‘baro‘ kelishi mumkin. Bu — semizlik! Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida dunyoda semiz odamlar soni uch baravar oshgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2030 yilga borib yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

❗️Eng yomoni, muammo ko‘lami hozirdanoq tashvishlanarli darajaga yetgan. Shu bois kecha JSST semizlikni Yevropa mintaqasida epidemiya deb e’lon qildi.

📌 Tashkilot hisobotida keltirilishicha, ko‘hna qit’ada yashovchi katta yoshli aholining 60 foizi ortiqcha vazn va semirishdan aziyat chekmoqda.

📌 Qolaversa, har uch boladan biriga (o‘g‘il bolalarning 29 foizi va qizlarning 27 foiziga) shu tashxis qo‘yilgan. Eng yomoni, mazkur kasallik tufayli har yili 1,2 million kishi hayotdan ko‘z yummoqda.

Xo‘sh, bu muammoni qisqa muddatda bartaraf etish mumkinmi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, hozirgi dinamikani hisobga olganda, Yevropadagi hech bir davlat 2025 yilgacha semirishga qarshi kurashda ijobiy natijaga erisha olmaydi.

Jismoniy faollikning pasayishi, noto‘g‘ri ovqatlanish, koronavirus cheklovlari tufayli yuzaga kelgan salbiy oqibatlar yaqin yillarda odamlar salomatligiga ziyon yetkazishda davom etadi.

Ana shularni inobatga olib, JSST muammoni samarali hal etishga qartilgan qator tavsiyalarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra:

✅ tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun soliq joriy etilishi katta samara beradi;

✅ salomatlik uchun foydali bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxini pasaytirish maqsadga muvofiq;

✅ aholining sport musobaqalari va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga qaratilgan boshqa tadbirlardagi ishtirokini kengaytirish kerak;

✅ birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish tizimini soddalashtirish lozim.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!