Jizzaxda onasi ish joyida vafot etgan yigitga nafaqa puli undirib berildi
Da’vogar Olimov Karim (ismi sharifi o‘zgartirilgan) sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida, uning onasi Qobilova Ra’no Do‘stlik tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining 2020 yil 16 mart kuni 10-sonli mehnat shartnomasi va 2020 yil 16 mart kungi № 26-sonli buyrug‘iga asosan metodist vazifasiga ishga qabul qilinganligini, 2021 yil 20 iyul kuni onasi Qobilova Ra’no ish vaqtida salomatligi yaxshi bo‘lmaganligi sababli ish joyida vafot etganligini, bu haqda 2021 yil 20 noyabrda Do‘stlik tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va salomatlikka boshqa xil zarar yetkazilishi to‘g‘risidagi N-1 shaklida dalolatnoma xamda № 26-sonli buyrug‘i qabul qilingan, buyruqga ko‘ra boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha yetkazilgan zarar to‘lovini olish xuquqiga ega bo‘lgan Olimov Karimga onasi Qobilova Ra’no uchun yetkazilgan zarar to‘lovi 188.879.520 so‘m bir yo‘la nafaqa to‘lash belgilanganligini, shu sababli suddan onasi vafot etganligi sababli bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa pulini undirib berishni so‘ragan.
Sud majlisida javobgar Do‘stlik tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi ishonchli vakili S.Komilova da’vo arizani qisman tan olishini, lekin bu nafaqa to‘lovini dastlab sug‘urta to‘lab berishi kerakligini shu sababli da’vo arizani qonuniy ko‘rib chiqishni so‘radi.
Sud majlisida manfaatdor shaxs Jizzax viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi ishonchli vakili M.Latipov da’vo arizani qisman tan olishini, lekin bu nafaqa to‘lovini dastlab sug‘urta to‘lab berishi kerakligini, sababi sug‘urta bilan shartnoma mavjudligini shu sababli da’vo arizani qonuniy ko‘rib chiqishni so‘radi.
Sud majlisida so‘ralgan uchinchi shaxs O‘zbekinvest EISK Jizzax viloyat filiali ishonchli vakili M.Turdiyev da’vo arizasi bo‘yicha ularga nisbatan da’vo talabi yo‘qligini, sug‘urta hodisasi bo‘lmaganligini, bu xolati bo‘yicha 07.06.2022 yildagi 6-sonli qarori bilan rad etilganligini, shu sababli qonuniy ko‘rib chiqishni so‘radi.
Sud yakuni bo‘yicha da’vogar Olimov Karimning javobgar Do‘stlik tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga nisbatan “nafaqa pulini undirish haqida”gi da’vosi qanoatlantirilib, javobgar Do‘stlik tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi hisobidan Olimov Karim foydasiga 188.879.520 so‘m nafaqa puli hamda 21.000 so‘m pochta xarajati undirish belgilandi.
Faxriddin Ibodullayev
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Do‘stlik tumanlararo sudi sudyasi