Jinoyatlarning ko‘payishiga loqaydlikning jazosiz qolayotganligi sabab bo‘lmoqda...

Jinoyatlarning ko‘payishiga loqaydlikning jazosiz qolayotganligi sabab bo‘lmoqda...

Bugun har bir gapimizni o‘ylab gapirishimiz, iloji boricha ig‘vo-yu g‘iybatlardan o‘zimizni uzoq tutishimiz kerak. Aks holda tilimizning besuyakligi bizni ham quyidagi voqea jabrlanuvchisining ahvoliga soladi.

Jasur (ismlar shartli ravishda o‘zgartirilgan) tanishlari — Sherali, Hamid va Furqatlar bilan jinoiy til biriktirib, akaxonlari Javlonning o‘limiga sababchi bo‘lgan Sardordan qasd olinmaganligi haqida turli haqoratomuz gaplarni tarqatayotgan Shavkatning «aqlini kiritib qo‘yish»ni maqsad qilishadi. Yigitlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun pichoq va «bita» tayoqlari bilan qurollanib, Toshkent shahar Chilonzor tumani Qatartol-2 mahallasi Bunyodkor ko‘chasi 20-uyning oldiga kelishib, odob-axloq normalari, urf-odat an’analari bilan belgilangan jamoat tartibini qo‘pol tarzda buzishadi va darvozasi oldida pochchasi bilan gaplashib turgan Shavkatning yelkasiga «bita» tayog‘i bilan urishadi.

Ushbu tasodifiy tajovuzdan himoyalanish uchun Shavkat uyining mehmonxonasiga qochib kiradi. Biroq jinoyatchilar bu bilan kifoyalanmay, uning ortidan uy hovlisiga g‘ayriqonuniy ravishda bostirib kirishib, mehmonxona eshigi ortidan eshikni itarib turgan Shavkatning qo‘llariga «bita» tayoqlari bilan urishadi va mehmonxona eshigining oynalarini sindirib, ichkariga kirishga erishgach, xona ichida Shavkatning boshi va tanasining turli joylariga urib-do‘pposlashadi. Bu ham yetmagandek, Jasur o‘zi bilan olib kelgan pichoqni Shavkatning dumba va oyoq sohalariga bir necha marotaba tiqib olib, unga og‘ir jarohat yetkazadi. Sodir etgan jinoyatining jazo bilan mukofotlanishini so‘nggi lahzalardagina anglab yetgan jinoyatchilar voqea joyidan yashirinishadi. Ammo «Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi», deganlaridek, ularning jinoyati oshkor bo‘ldi va munosib jazoga loyiq ko‘rildi.

Ular-ku, jazolandi. Biroq nima uchun bunday voqealar insonlarga o‘rnak bo‘lmayapti? Bundan o‘n yillar ilgari birov-birovni pichoqlabdi, desa ko‘pchilikning vujudida titroq uyg‘onardi. Hatto kimdirning begona bir kishi tomonidan besabab kaltaklanishi ham odamlarni ajablantirardi. Hozir hamma narsa televizorda, internetda ochiq holatda namoyish etilayotgan bir paytga kelib esa sababsiz sodir etilgan qotillik ham odamlarni ta’sirlantirmay qo‘ydi. Qayerga qaramang, birov birovni do‘pposlaganiga, pichoqlaganiga guvoh bo‘lamiz.

To‘g‘ri, jinoyatlar hamma zamonlarda ham sodir etilgan va, albatta, barchasiga munosib jazo berilgan. Biroq odamlardagi loqaydlikning hamon jazosiz qolayotganligi jinoyatlarning yanada ortishiga sabab bo‘lmayaptimikan aziz o‘quvchi?!

T. A. KASIMOV

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi sudyasi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!