Italiyada 500 ming ishchi ish tashlash doirasida namoyishga chiqdi
Eng yirik kasaba uyushmalari tomonidan e’lon qilingan umumiy ish tashlash doirasida 500 mingga yaqin ishchi Italiya shaharlari maydonlarida mitingga chiqdi.
ANSA agentligi 8 soatlik ish tashlash hukumatning barcha yirik tarmoqlari, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shuningdek, davlat idoralari va kompaniyalarini qamrab olgani haqida xabar berdi. Faqatgina transport, jumladan havo va dengiz qatnovi rasmiylarning buyrug‘iga binoan to‘rt soatga to‘xtatildi.
Eng yirik namoyish Bolonyada umumiy Italiya mehnat konfederasiyasi rahbari Maurisio Landini ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Kasaba uyushmalariga ko‘ra, norozilik aksiyasini turli sohalardagi ishchilarning 70 foizdan ortig‘i qo‘llab-quvvatlagan. Ba’zi kompaniyalar kun bo‘yi ishlamadi. Mamlakat bo‘ylab minglab odamlarning 43 ta namoyishi bo‘lib o‘tdi; polisiya bilan to‘qnashuvlar faqat Turinda bo‘lgan.
Butun mamlakat bo‘ylab ish tashlash, kasaba uyushmalari fikricha, ishchilar manfaatlarini hisobga olinmagan byudjet loyihasining ma’qullanishiga qarshi norozilik sifatida e’lon qilingan. Xususan, sog‘liqni saqlash va ta’lim, ijtimoiy sohaga sarflanadigan mablag‘lar kamaytirilayotgani ilgari surilmoqda. Italiyada uzoq vaqtdan beri eng kam ish haqining soatiga 9 yevrolik chegarasini belgilash uchun kurash olib borilmoqda. Ishchi o‘zini zarur yashash vositalari bilan ta’minlay olmaganida, mamlakat "kambag‘al mehnat" haqida tobora ko‘proq gapirmoqda.
Mamlakatdagi ijtimoiy ahvol haqidagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada 5,7 million kishi, ya’ni deyarli har o‘ninchi fuqaro mutlaq qashshoqlikda yashaydi. Bolali yosh oilalar eng zaif guruh bo‘lib qolmoqda. E’tiborlisi, mamlakatning iqtisodiy qudrati hisoblangan shimoliy Italiyada so‘nggi to‘qqiz yil ichida mutlaq qashshoqlikda yashayotgan italiyaliklar soni ikki baravar ko‘paygan.