Isroil polisiyasi Al-Aqso masjidiga cheklovlar qo‘yishda davom etmoqda

Isroil polisiyasi Islomning eng muqaddas maskani Al-Aqso masjidiga keng qamrovli cheklovlar qo‘yishda davom etmoqda.
Isroil xavfsizlik kuchlari falastinliklarning Sharqiy Quddusdagi masjidda o‘tgan haftalarda bo‘lgani kabi juma namozini o‘qishiga yana bir bor to‘sqinlik qildi.
Polisiya ertalabki soatlarda Eski shahar hududida temir to‘siqlar o‘rnatib, xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Xavfsizlik kuchlari nafaqat yosh falastinliklarni, balki ba’zi keksalarni ham Al-Aqso masjidiga kiritishga ruxsat bermadi.
Bundan tashqari, Isroil kuchlari Eski shahar hududidagi Al-Aqso masjidi majmuasi va uning darvozalariga kirishga uringan falastinlik yoshlarga qarshi kuch ishlatgan.
Shu tariqa, yuzlab falastinliklar Juma namozini Al-Aqso masjidi hovlisida emas, balki yaqin atrofdagi hududlarda o‘qishdi.
Ayni vaqtda Vadi al-Jauz kvartalida Isroil kuchlari va falastinlik yoshlar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Falastinliklarni tarqatish uchun Isroil xavfsizlik kuchlari kanalizasiya suvi bilan to‘ldirilgan suv to‘plaridan foydalangan.
Ilgari odatda juma kunlari Al-Aqso masjidi yonida 100-150 ming kishi namoz o‘qirdi. Biroq, Isroil tomonidan kiritilgan cheklovlar tufayli, 7 oktyabrdan buyon so‘nggi besh hafta davomida bo‘lgani kabi, bu haftada atigi 4 mingga yaqin kishi Islom ziyoratgohida namoz o‘qishga muvaffaq bo‘ldi.