Ish joyida tazyiq bo‘yicha murojaatlar elektron portal orqali ko‘rib chiqiladi
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 sentyabrdagi 518-son qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarida mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash tartibi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvarga qadar «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» axborot portali joriy etiladi. U mehnat sohasidagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilishning asosiy kanali bo‘ladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida tazyiq va zo‘ravonlik holatlari xavfini davriy baholash hamda tashkiliy muhitni tahlil qilish yiliga kamida bir marta o‘tkaziladi.
Portalga berilgan murojaat avtomatik tarzda ro‘yxatga olinadi va unga takrorlanmaydigan raqam beriladi. Murojaatni ochiq, maxfiy yoki anonim shaklda taqdim etish mumkin.
Portaldan tashqari berilgan murojaat mas’ul xodim tomonidan bir ish kuni ichida tizimga kiritilishi kerak. Murojaat ustidan tekshiruv 15 kun ichida yakunlanadi.
Zarur hollarda tekshiruv muddati bir marta 30 kungacha uzaytirilishi mumkin. Murojaatchi, jabrlangan shaxs yoki ustidan murojaat berilgan shaxs huquqiy ta’sir chorasi haqida xabar olgan kundan boshlab 30 ish kuni ichida portal orqali shikoyat berishi mumkin.
Ustidan murojaat berilgan shaxsga murojaatni ko‘rib chiqish davrida vaqtincha cheklov choralari qo‘llanishi mumkin. Ular muloqotni, jumladan, mehnat munosabatlarini cheklash, boshqaruv vakolatlarini vaqtincha to‘xtatish yoki lavozim majburiyatlarini qisman yoki to‘liq bajarishdan chetlashtirishni qamrab oladi.
Bevosita tahdid mavjud bo‘lsa, vaqtincha himoya choralari bir ish kuni ichida, boshqa holatlarda esa xavf aniqlangan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay qo‘llanadi.
