Importda oldindan to‘lov imkoniyati yaratildi, eksportda 50 foizlik talab bekor qilindi
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun tashqi savdo operasiyalarini amalga oshirishni yengillashtiruvchi yangi tartiblar joriy etilmoqda. Prezidentning 2026 yil 27 avgustdagi PF–174-son Farmoniga muvofiq, endilikda importda yagona invoys asosida tovar mamlakatga yetib kelishidan oldin to‘lovni amalga oshirish mumkin. Eksportda esa invoys asosida operasiyalar uchun talab etilgan 50 foizlik oldindan valyuta tushumi talabi bekor qilindi.
Shuningdek, milliy valyutada tovarlarni qarzga eksport qilishga ruxsat berildi. Ushbu o‘zgarishlar, ayniqsa, kichik biznes va elektron tijorat ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Sohani raqamlashtirish natijasida 2026 yilning 9 oyida eksport deklarasiyalarining 94 foizi, import deklarasiyalarining esa 90 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. 185 mingdan ortiq deklarasiya inson omilisiz rasmiylashtirilib, 8 mingta eksportyor va 51 mingta importyorning vaqti hamda ortiqcha xarajatlari tejaldi. Shu davrda 14 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga 45,8 trln so‘mlik bojxona imtiyozlari va preferensiyalar qo‘llanildi, yana 6,6 trln so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
Tadbirkorlar uchun yana bir muhim yangilik — “Integrasiyalashgan tarif” interaktiv xizmatining yangi versiyasi ishlab chiqildi. Unda sun’iy intellekt elementlari yordamida tovarlar bo‘yicha ma’lumotlarni izlash, tarif va notarif tartibga solish choralarini aniqlash mumkin. Bu import va eksport operasiyalarini rejalashtirishda zarur talablar va to‘lovlar haqida oldindan ma’lumot olishni yengillashtiradi.
Bojxona auditi ham profilaktik yondashuv asosida takomillashtirilmoqda. Kamchilik aniqlangan holatlarda tadbirkorga uni mustaqil ravishda bartaraf etish imkonini berish — “maslahatchi-auditor” tamoyilining asosiy mazmunidir. Shuningdek, “Bojxona auditi” axborot tizimida sun’iy intellekt asosidagi “AI-tahlil” texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. U deklarasiyalar, tijorat hujjatlari, tovarlar va to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni solishtirib, ehtimoliy tafovut va xavflarni avtomatik aniqlashga xizmat qiladi.
2030 yilga qadar inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ulushini 60 foizga yetkazish, rasmiylashtirish vaqtini ikki baravar qisqartirish va bojxona xizmatlari sifatini oshirish belgilangan.
OAV uchun Kontent tayyorlash markazida Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hamda tegishli boshqarma boshliqlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohada raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish va tashqi savdo ishtirokchilari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
