IIV: Ramazon hayiti namozi o‘qilishi jarayonida xavfsizlik ta’minlanadi

Ertaga, 2025 yil 30 mart kuni mamlakatimizda Ramazon hayiti keng nishonlanadi. Hayit namozi o‘qish uchun masjidlarga taxminan 2 million nafardan ortiq fuqaro tashrif buyurishi kutilmoqda. Masjidlar atrofida 150 mingga yaqin transport vositalari harakati kuzatilishi mumkin.
Hayit kuni xavfsizlikni ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish uchun qanday choralar ko‘riladi?
Bu savolga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova javob berdi:
– Tadbir davomida harakat xavfsizligini ta’minlash uchun hayit namozi o‘qiladigan har bir masjidning sig‘imi va xususiyatidan kelib chiqqan holda kuch-vositalar taqsimoti ishlab chiqildi.
Xususan, ob’ektlar atrofida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun respublika bo‘yicha jami 1,8 mingdan ortiq yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jalb qilinishi belgilandi.
Transport vositalarini tartibli joylashtirish va tirbandlikning oldini olish maqsadida masjidlar atrofidagi mavjud 1 ming 285 avtoturargoh ko‘rikdan o‘tkazildi hamda masjidlardan kamida 150 m uzoqlikda vaqtinchalik 1 ming 720 turargoh tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, Hayit namozi o‘qiladigan masjidlar atrofi yo‘l nazorati bo‘limi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar bartaraf etildi.
Jumladan, 394 masjid oldida piyodalar o‘tish joylari qayta chizildi, 895 dona 3.27 “To‘xtash taqiqlangan”, 640 dona 5.16.1 “Piyodalar o‘tish joyi”, 297 dona 5.15 “To‘xtab turish joyi” va 835 dona 6.19 “Jome masjidi” yo‘l belgilari o‘rnatildi hamda 269 m2 yo‘l yotiq chiziqlari chizildi.
Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transport vositalarining haydovchilari o‘rtasida yo‘l harakati qoidalariga amal qilish hamda yo‘lkira narxini sun’iy oshirmaslik bo‘yicha yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, bayram kunlari Transport vazirligi hamkorligida “O‘zavtotrans” va Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan respublika bo‘ylab “Toshkent” avtovokzalidan ketiladigan qo‘shimcha avtobus qatnovlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.