“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ijtimoiy energiya limiti bo‘yicha xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ijtimoiy energiya limiti bo‘yicha xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasining oylik ijtimoiy energiya limiti 200 kVt, kunlik esa 6.6 kVt ekani, ushbu kunlik limitdan oshgan iste’molchilar oshirilgan narxlarda to‘lashi bo‘yicha xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabar yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ quyidagilarni ma’lum qiladi:

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024 yil 16 apreldagi qaroriga asosan elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlangan.

Shunga ko‘ra, endilikda bir oyda 200 kilovattgacha elektr energiyasi ishlatgan xonadon egasi 1 kilovatt soat uchun 450 so‘mdan to‘laydi. Iste’mol mazkur ko‘rsatkichdan oshsa, ya’ni 1000 kilovatt soatgacha ishlatilgan bo‘lsa 200 kilovatt soatgacha – 450 so‘m, qolgan 800 kilovatt soatga – 900 so‘mdan to‘lov qilinadi.

Mazkur o‘suvchi tariflarni hisoblashda elektr energiyasi sarfi kunlik iste’mol miqdorida emas, balki iste’molchining bir oy davomidagi ko‘rsatkichi asosida hisoblanishini ma’lum qilamiz.

Misol uchun, iste’molchi bir oyda 300 kilovattgacha elektr energiyasi ishlatgan bo‘lsa, xonadon egasi 200 kilovattga 1 kilovatt soat uchun – 450 so‘m, qolgan 100 kilovatt soat uchun 900 so‘mdan to‘laydi.

2024 yil 1 iyundan iste’molchilarga foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot “bazaviy me’yor” va undan ortiq hajmlar kesimida yuboriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan “...kuniga 6.6 kVtdan ortiq tok ishlatsangiz, undan ortganiga qimmat tarifda to‘lanadi”, degan xabarlar mutlaqo asossiz ekanini ta’kidlagan holda, yangilik kanallari adminlaridan bunday yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz.

Shu o‘rinda, iste’molchilardan elektr energiyasi bo‘yicha savollar yoki tushunmovchiliklar bo‘lsa, tuman elektr ta’minoti korxonasiga yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 1154 qisqa raqamli Call-markaziga hamda telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot” kanalining adminiga murojaat qilishlarini so‘raymiz.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur tarqatilgan asossiz ma’lumot yuzasidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishini ma’lum qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!