Hokimligi binosi oldiga haydab kelingan qo‘ylar mojarosi»: Hokim qarori bekor qilindi

Hokimligi binosi oldiga haydab kelingan qo‘ylar mojarosi»: Hokim qarori bekor qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Nurobod tumani hokimligi binosi oldiga minglab qo‘ylar haydab kelingani haqidagi video tarqalgani xabar qilingandi.

Ko‘p o‘tmay, tuman markaziga haydab kelingan qo‘ylar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi.

Aksilkorrupsiya agentligi matbuot xizmati qayd etishicha, Samarqand viloyati Nurobod tumani «Ag‘ron» mahallasida yashovchi fuqaro J.YA.ning murojaati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganildi.

Fuqaro o‘z murojaatida Nurobod tuman hokimligi va tuman kadastr bo‘limi mas’ullari tomonidan Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlardagi 40.0 gektar ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari soxta hujjatlar asosida lalmikor yer maydonlari sifatida «A. I. S.» MCHJga berilganligi hamda Nurobod tuman hokimining 2020 yil 23 dekabrdagi 905-Q-son qarori korrupsion holatlar asosida chiqarilganligini ma’lum qilgan.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tegishli hujjatlarni o‘rganishlar davomida, Nurobod tuman hokimining mazkur qarori qabul qilinishida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni berish va yaylovlardan foydalanish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Nurobod tuman hokim qaroriga asosan «A.I.S.» MCHJga Nurobod tumani Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlarda joylashgan yaylov yer maydonlari lalmikor yer sifatida g‘allachilik bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan. Ushbu konturlardagi yer maydonlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2021 yil 27 martdagi 01002-sonli xatida uzoq yillardan buyon foydalanilmagan va ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari ekanligi ham ko‘rsatilgan.

O‘rganishlar va Nurobod tuman hokimligi mas’ullari bilan olib borilgan tegishli harakatlar natijasida tuman hokimining qarori bekor qilinib, Nurobod tumani Toshquduq massivida joylashgan yaylov yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga olindi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!