Gender tengligi — strategik maqsad: ayol sudyalar ulushi 30 foizga yetkaziladi!
Toshkent shahrida “Xalqaro ayol sudyalar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali bayram bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bir guruh ayol sudyalarga davlat mukofotlarini topshirdi.
Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlik hamda tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan muhim farmon qabul qilindi. Bu – inson taqdirini barbod qilib, jinoyatini “an’ana” niqobi ostiga yashirishga, mavqei yoki mansabi bilan xaspo‘shlashga urinayotgan kimsalarga qarshi murosasiz qadamdir. Bu borada sudyalar hal qiluvchi o‘ringa ega: qonun shunday ishlashi kerakki, jinoyatchi uchun bahona ham, “tuynuk” ham qolmasin, dedi S. Mirziyoyeva.
📊 Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston sud tizimida keskin burilish davri boshlandi. So‘nggi yillarda tizimda mehnat qilayotgan ayol sudyalar soni 2 barobarga oshdi. Hozirda ularning ulushi 15 foizni tashkil etmoqda.
🔔 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya doirasida ushbu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish qat’iy maqsad qilib olingan.
✅ Yana bir tarixiy yangilik — mamlakatimizda ilk bor O‘zbekiston ayol sudyalari assosiasiyasi tashkil etildi.
Ushbu yangi platforma tizimda "ustoz-shogird" an’analarini mustahkamlash, ayol sudyalarning kasbiy huquqlarini himoya qilish hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Odil sudlov akademiyasida ayollar uchun alohida kvotalar belgilanishi esa kelajakdagi "adolat malikalari" uchun eshiklarni keng ochmoqda.
