G‘azoning shafqatsiz portlashi: 200 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Isroil harbiylari G‘azo sektoriga yirik hujum uyushtirdi, bu 19-yanvarda sulh e’lon qilinganidan beri eng yirik hujumdir. Mahalliy manbalarga ko‘ra, hujumda kamida 200 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan.
Isroil harbiylarining G‘azo shahriga hujumi oqibatida halok bo‘lgan falastinliklarning jasadlari G‘azo sektori, G‘azo shahridagi Al-Ahli kasalxonasiga keltirildi. O‘lgan va bedarak yo‘qolganlarning umumiy soni 322 nafarga yetdi , deya xabar beradi mahalliy hokimiyat.
Hujum boshlanganini Isroil armiyasi matbuot kotibi Avichai Adrai e’lon qildi va u zarbalar “Xamas terrorchi nishonlari”ga qarshi mamlakat siyosiy rahbariyati buyrug‘iga asosan amalga oshirilayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Isroil Kats operasiya “urush maqsadlariga erishish”, jumladan, barcha isroillik garovga olinganlarni, tirik va o‘liklarni ozod qilishga qaratilganini aytdi.
“ Isroil endi harbiy kuchini oshirib, XAMASga qarshi harakat qiladi ”, — deyiladi bosh vazirlik idorasi bayonotida.
🇵🇸 Xamas bunga javoban Isroilni sulh bitimini buzganlikda aybladi. " Isroil hukumati kelishuv shartlarini buzgan holda G‘azoga urush e’lon qildi ", deyiladi guruh bayonotida. Xamas, shuningdek, xalqaro vositachilarni Isroilni “kelishuvni buzgani” uchun javobgarlikka tortishga chaqirdi.
Oq uy Isroil zarba berishdan oldin AQSh bilan maslahatlashganini tasdiqladi. AQSh prezidenti matbuot kotibi Karolin Levitt Vashington Isroilning harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganini aytdi: “Prezident Tramp aniq aytdi: Xamas, hutiylar, Eron va nafaqat Isroilni, balki Qo‘shma Shtatlarni dahshatga solmoqchi bo‘lgan har bir kishi o‘z narxini to‘laydi”.
G‘azodagi vaziyat bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi oldidan Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon mamlakat o‘z dushmanlariga "rahm qilmasligini" aytdi. “Agar xalqaro hamjamiyat urushni to‘xtatmoqchi bo‘lsa, barcha garovga olinganlarning Isroilga qaytarilishini ta’minlashi kerak”, dedi u.
2023-yil oktyabr oyida boshlangan mojarodan beri Isroil hujumlarida 48 mingdan ortiq falastinliklar, asosan ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Xalqaro jinoyat sudi Benyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni G‘azodagi urush jinoyatlarida ayblab, hibsga olishga order berdi. Bundan tashqari, Isroil Xalqaro sud tomonidan genosid ayblovi bilan tergov qilinmoqda.