G‘azoni qayta tiklash uchun qancha mablag‘ kerak? BMT hisoboti
G‘azoda muhim infratuzilma va ishlab chiqarish ob’ektlarini qayta qurish, asosiy xizmatlarni tiklash, shikastlangan uy-joylar, kasalxonalar va maktablarni qayta qurish uchun 71,4 milliard dollar kerak bo‘ladi.
Bu raqamlar Yevropa Ittifoqi va Jahon banki bilan hamkorlikda tayyorlangan BMT hisobotida keltirilgan.
Hisobot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, infratuzilma zarari 35,2 milliard dollarni tashkil etadi, iqtisodiy va ijtimoiy yo‘qotishlar esa 22,7 milliard dollarga baholangan. Faqat G‘azoda qayta tiklash ishlarining dastlabki 18 oyida hayotni ta’minlashning muhim choralari uchun 26,3 milliard dollar kerak bo‘ladi.
Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, umumiy tiklanish davri uch yildan besh yilgacha davom etadi.
G‘azo sektoridagi ikki yillik janglarda 372 ming uy vayron bo‘lgan yoki shikastlangan, kasalxonalarning yarmidan ko‘pi ishlamay qolgan va deyarli barcha maktablar to‘liq yoki qisman vayron bo‘lgan. Kommunal xizmatlar mavjud emas. Taxminan 1,9 million aholi o‘z uylarini yoki mintaqani tark etishga majbur bo‘lgan, ulardan 1,2 millioni uysiz. Bu vaqt ichida G‘azo iqtisodiyoti 84 foizga qisqargan. Hisobot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi turmush darajasi 77 yil orqaga surilgan.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan «Tinchlik Kengashi» G‘azo sektorini qayta qurish rejasini taqdim etgan edi. Reja minglab yangi uy-joylar, ta’lim, dam olish, madaniy va boshqa inshootlarni ulkan miqyosda qurishni ko‘zda tutadi. Uni amalga oshirish uchun mablag‘ kengashga a’zo mamlakatlarning hissasi hisobidan amalga oshirilishi kutilmoqda.
