G‘azoliklar 2025 yilni chodirlarda qarshi oldi
15 oydan buyon davom etayotgan urush tufayli G‘azo sektoridagi uyini tashlab ketishga majbur bo‘lganlar 2025 yilni yomg‘irdan ivigan chodirlarda, bolalari ayozdan muzlab jon bergani uchun ko‘zlarida yosh, chuqur qayg‘u bilan kutib oldi.
BMT hisobotida Isroil hujumi natijasida G‘azodagi har 10 aholining 9 nafari uyini tark etgani keltirilgan. Ko‘chirilganlar og‘ir vayronagarchilik tufayli vaqtincha chodirlarda qiynalib kun kechirmoqda. Havo sovushi bilan mintaqada yashash sharoiti yanada og‘irlashgan, chunki odamlar nafaqat oziq-ovqat va suv yetishmovchiligi, balki qish bilan ham kurashishga majbur. Ayniqsa, tanasi chodir ichidagi qattiq sovuqqa dosh bera olmaydigan yosh bolalarga qiyin.
Qish yaqinlasharkan, 2 milliondan ko‘p falastinlik yana gumanitar falokatga duch kelgan.
Oxirgi bir necha kun ichida kuchli yomg‘ir tufayli chodirlarni suv bosdi, ko‘chgan insonlar iztirobiga chidab bo‘lmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda sovuqdan yetti kishi, jumladan olti nafar go‘dak halok bo‘lgan.
- Bayt Lohiyadagi uyimdan qochib, G‘azoga keldim, - deydi Umm Sair Al-Misriy. - Og‘ir yaralangan o‘g‘lim bilan birga panoh topgan chodirimiz suvga to‘ldi. Kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak topib bo‘lmayapti. Bolalar nam chodirlarda hayotdan ko‘z yummoqda. Urush imkon qadar tezroq tugashi kerak. Biz hayot, xavfsizlik va tinchlik tarafdorimiz, urushni xohlamaymiz.
Falastinlik ayol ham G‘azoda davom etayotgan zo‘ravonlikka chek qo‘yishni talab qilib, Falastin xalqi “na yegulik, na ichimlik, faqat urush tugashini istashi”ni qo‘shimcha qilgan.