Futbol. Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasi OFK Kubogidagi yurishini yirik g‘alaba bilan davom ettiradigan bo‘ldi

Futbol. Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasi OFK Kubogidagi yurishini yirik g‘alaba bilan davom ettiradigan bo‘ldi

“So‘g‘diyona” OFK Kubogi Markaziy Osiyo mintaqasi finalida Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasiga qarshi maydonga tushib, yirik hisobda g‘alaba qozondi.

Ulug‘bek Baqoyev jamoasi Xo‘jandda o‘ynagani qaramay, uchrashuvni faol boshlab, dastlabki 30 daqiqa ichida gol urib olishga muvaffaq bo‘ldi. Bahsning 13-daqiqasida Shayqulovning uzatmasidan keyin 39 yoshli fubolchi o‘z qanotidan jarima maydoniga kirdi va u yerda ikki himoyachini chiroyli aldadi hamda kuchli zarba bilan hisobni ochdi. Oradan 8 daqiqa o‘tib Jasur jamoadoshi Norxonov bilan "devor" uslubida o‘ynadi hamda darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqdi. Hasanovning kuchli zarbasidan so‘ng to‘p darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tib, to‘rga borib tushdi.

"Xo‘jand"ning oldinga tashlanishlari samara bermadi. Aksincha vakillarimiz to‘pni egallab olishgach, xavfli hujumlar tashkil etishdi. Vitaliy Denisovning ideal uzatmasidan so‘ng Norxonov darvozabon bilan yakkamaya-yakka vaziyatga chiqdi va darhol zarba berib, hisobni 0:3 ko‘rinishga keltirib qo‘ydi.

O‘zbekistonliklar ikkinchi bo‘limni nisbatan xotirjam o‘tkazishdi, jamoamiz ko‘proq himoyada o‘ynadi. Shunga qaramay, bahsning 79-daqiqasida "So‘g‘diyona" to‘rtinchi golni urdi. Shavkat Salomovning aniq uzatmasidan keyin Qahramonov jarima maydoniga yorib kirgan holda darvozabon bilan yuzma-yuz vaziyatda o‘z imkoniyatidan samarali foydalandi — 0:4.

Xo‘jandliklar ham o‘yin davomida golga tortadigan 2-3ta vaziyat yaratishdi. Ammo ular so‘nggi pallada aniq harakat qila olishmadi.

"So‘g‘diyona" OFK kubogi doirasidagi navbatdagi uchrashuvni 6 sentyabr kuni Gonkongning "Istern" klubiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Jizzaxdagi "So‘g‘diyona" stadionida bo‘lib o‘tadi.

OFK kubogi. Markaziy Osiyo mintaqaviy finali
"XO‘JAND" - "SO‘G‘DIYONA" - 0:4 (0:3)
Gollar: Jasur Hasanov (13, 21), Shohruz Norxonov (29), Javohir Qahramonov (79)
Ogohlantirishlar: Yodgorov (69), Skanyan (81) — Chermel (80)
«Xo‘jand»: 50. Shohruh Qirg‘izboyev, 5. Firdavs Abdusalimov, 7. Elchibek Rashidbekov, 8. Ehson Boboyev, 18. Daler Yodgorov, 19. Sergey Garanza, 20. Samandar Ochilov (Firuz Xolmatov 83), 21. Firdavs Chakalov (Darviz Izatshoyev 83), 62. Jahongir Ergashev, 73. Alisher Barotov (Parviz Boqiyev 33), 97. Sergey Skanyan (Jumaboy Karimov 83)
Bosh murabbiy: Rustam Xo‘jayev.
«So‘g‘diyona»: 27. Milan Mitrovich, 2. Sardor Qulmatov, 6. Iskandar Shoyqulov, 10. Shohruz Norxonov (Bahodir Nasimov 77), 11. Jasur Hasanov (Husniddin G‘ofurov 62), 12. Xislat Xalilov (Ayubxon No‘monov 61), 19. Javohir Qahramonov, 26. Vitaliy Denisov, 31. Luka Chermel, 77. Daniyel Nasriddinov (Azamat Yunusov 77), 93. Marko Kolakovich
Bosh murabbiy: Ulug‘bek Baqoyev


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!