Fransiyadagi norozilik namoyishlari paytida 200 dan ortiq odam jarohat oldi
Fransiyada ta’lim muassasasi xodimlari va o‘rta maktab o‘quvchilarining norozilik namoyishi paytida 200 dan ortiq odam jarohat oldi.
Bu haqda Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunyes va ta’lim vaziri Eduar Jeffre matbuot anjumanida ma’lum qilishdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlar orasida 83 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimi bor.
"O‘tgan juma kunidan beri 119 nafar o‘quvchi va maktab xodimi jarohat oldi", deb aniqlik kiritdi Eduar Jeffre.
Uning ta’kidlashicha, ko‘pchilik namoyishchilar tomonidan otilgan mushakbozlik va og‘ir buyumlar tufayli jarohat olgan.
Nunyesning so‘zlariga ko‘ra, Milliy polisiya bosh inspeksiyasi hozirda uchta hodisani tekshirmoqda: Sevranda olomonni tarqatish uchun otliq polisiya ishlatilgan; Turda maktab o‘quvchisi namoyish paytida boshidan jarohat olgan; va Sen-Uen-L'Omon kommunasida maktab o‘quvchisi bir guruh polisiya xodimlari bilan janjal boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘rta maktab o‘quvchilarining norozilik namoyishlari o‘tgan hafta Parijning Il-de-Frans mintaqasida boshlangan va keyinchalik Fransiyaning boshqa mintaqalariga ham tarqaldi. Namoyishchilar dars jadvallarining haddan tashqari ko‘pligi, o‘qituvchilar yetishmasligi va ta’lim tizimidagi boshqa muammolarga qarshi norozilik bildirmoqdalar. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, norozilik namoyishlari va tartibsizliklar paytida 625 kishi, ularning aksariyati voyaga yetmaganlar hibsga olingan.
