“Forish” poligonida “ArMI-2022” xalqaro armiya o‘yinlari musobaqalariga start berildi

“Forish” poligonida “ArMI-2022” xalqaro armiya o‘yinlari musobaqalariga start berildi

Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida “ArMI—2022” VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan “Qurolsoz usta”, “Xavfsiz muhit” va “Dala oshxonasi” musobaqalariga bugun, 15 avgust kuni start berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Vazirlik tomonidan respulika OAV vakillari uchun “Forish” poligonida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi. Shuningdek, Xalqaro armiya o‘yinlari hakamlari ishtirokida matbuot anjumani ham tashkil etilib, unda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga spikerlardan to‘liq ma’lumotlar oldilar.

Shundan so‘ng OAV vakillari poligonda musobaqa ishtirokchilari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu bilan birga, “Dala oshxonasi” musobaqasi o‘tkaziladigan hududda bo‘lib, turli davlatlardan kelgan harbiy oshpazlarning mahoratlarini kuzatdi.

Kechki soat 19:00 da poligon saf maydonida “ArMI—2022” xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan musobaqalarning tantanali ochilish marosimi boshlandi.

Unda Mudofaa vazirligi va ishtirokchi davlatlar mas’ullari, senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, faxriylar va yoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.

“Forish” poligonida “ArMI-2022” xalqaro armiya o‘yinlari musobaqalariga start berildi“Forish” poligonida “ArMI-2022” xalqaro armiya o‘yinlari musobaqalariga start berildiMudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining ko‘rgazmali defilesi, taniqli badiiy jamoalar va san’atkorlar ijrosidagi katta konsert dasturi hamda turli xalqlar madaniyatini ifoda etuvchi badiiy chiqishlar namoyish qilindi. Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlarni ijro etdi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari bu yil mazkur VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining 20 ta yo‘nalishida ishtirok etyapti. 34 ta yo‘nalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 257 ta jamoa o‘zaro bellashishadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil xalqaro armiya o‘yinlarida 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi o‘zaro kuch sinashgan bo‘lib, unda mamlakatimiz jamoalari 24 yo‘nalishda ishtirok etgan. Umumiy natijalarga ko‘ra mamlakatimiz jamoalari 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagan, shuningdek, jami 37 ta rekord natijadan 10 tasini yurtimiz harbiy xizmatchilari yangilagan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!