FARZANDINING TA’MINOTIDAN BO‘YIN TOVLAGAN OTA OZODLIKDAN MAHRUM QILINDI

FARZANDINING TA’MINOTIDAN BO‘YIN TOVLAGAN OTA OZODLIKDAN MAHRUM QILINDI

Bolaga bolaligini bolaligida berish kerak. Ularning “xotira kitobi”da oilaviy nizolar, dilxiraliklar emas, balki ota-onasining bir-biriga bo‘lgan mehri, bir dasturxon atrofida jam bo‘lgan baxtli oila, quvonch, kulgi, farzandlar bilan o‘tkazilgan unitilmas daqiqalar muxrlanib qolishi kerak. Biroq ayrim ota-onalar o‘z xudbinliklarini deb farzandini to‘laqonli oila bag‘rida ulg‘ayishdan mosuvo qilib qo‘yishadi. 1990 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi ham uch nafar voyaga yetmagan farzandning otasi. Afsuski, sudlanuvchining farzandlari ham ayni o‘sha ayrim bolalar qatorida...

Sudlanuvchi otadan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan bir nafar voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun har oyda oylik ish haqi va boshqa daromadlarning 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Hatto 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 1 aprelga qadar voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining qarori bilan ma’muriy jazoga tortilgan. Shunga qaramay, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab, 8 557 608 so‘m aliment pullarini to‘lamay kelgan.

— Ishlarim yurishmagani, moddiy qiyinchiliklarim bo‘lganligi sababli, aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lay olmadim. Hozirda taksichilik qilib kun ko‘rayapman. Imkoniyat berilsa, aliment pullarini bo‘lib-bo‘lib to‘lab beraman. Qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman, - dedi sud majlisida aybiga to‘liq iqror bo‘lgan ota.

Sud majlisida jabrlanuvchi ona ham o‘z haqiqatlari bilan bo‘lishdi. — Farzandidan xabar olmaydi. Farzandimni davolatish uchun pul zarur. Biroq doim quruq va’dalar eshitaman, aliment pullarini to‘lamay aldab yuribdi, - dedi 15 996 251 so‘m alimentdan bo‘lgan qarzdorlikni undirib berish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo tayinlashni so‘radi ona.

Sudning hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 122-moddasi (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchidan jabrlanuvchining foydasiga 15 996 251 so‘m aliment puli undirilishi belgilandi.

Zoxiddin Nuriddinov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!