“Farhod” dehqon bozorida Milliy gvardiya xodimlari va qulupnay sotuvchilar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi
Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi “Farhod” dehqon bozorida sodir bo‘lgan janjal yuzasidan ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bozor hududida qulupnay savdosi bilan shug‘ullanayotgan sotuvchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirokida tortishuv yuz bergani tasvirlangan video tarqaldi. Unda xodimlar sotuvchilardan bu yerda noqonuniy savdo qilish mumkin emasligi, bunga javoban sotuvchilar baqir-chaqir qilganini ko‘rish mumkin.
Qayd etilishicha, 15 may kuni soat 11:00 larda “Farhod” dehqon bozori hududiga bozor ma’muriyati chaqiruviga asosan Milliy gvardiya va profilaktika inspektori yetib kelib, noqonuniy yer usti savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib borgan.
Ular qatorida qulupnay sotayotgan va ushbu bozorda muntazam janjal keltirib chiqarishda nom taratgan fuqaro G.S. va B.M. huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatib, atrofdagilar e’tiborini o‘zlariga qaratgan holda janjal ko‘targan.
Milliy gvardiya va profilaktika inspektorining ogohlantirishiga qaramasdan, jamoat joyidagi yurish-turish qoidalarini mensimagan ushbu fuqarolar esa o‘rnatilgan tartibda hududiy profilaktika inspektorining xizmat xonasiga olib borilgan.
Mazkur holat yuzasidan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, ushbu shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (mayda bezorilik) va 194-1- (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir qilganliklari yuzasidan, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi va qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudiga yuborilgan.